Prezident maktabining 23 nafar bitiruvchisi katta hayot sari kuzatildi
Qarshi shahrida joylashgan Prezident maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda o‘qituvchilar, ota-onalar, faxriylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy o‘quv yili maktab jamoasi uchun muhim yutuqlarga boy bo‘ldi. Xususan, ta’lim muassasasi 2026-yil 27-yanvar kuni xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, “Xalqaro maktab” maqomini oldi. Shuningdek, maktab “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda Atrof-muhit bo‘yicha ta’lim jamg‘armasi (FEE) tomonidan beriladigan nufuzli “Yashil bayroq” (Green Flag) maqomiga sazovor bo‘ldi.
Bu yil maktabni 23 nafar bitiruvchi, jumladan, 6 nafar qiz va 17 nafar o‘g‘il bola tamomladi. Bitiruvchilarning barchasi xalqaro SAT va IELTS sertifikatlariga ega bo‘ldi.
O‘quvchilar orasida SAT imtihonida 1550 ball to‘plab, maktab rekordini yangilagan Mirjalol Jo‘rayev alohida e’tirof etildi. IELTS xalqaro imtihonida esa Shohruhmirzo Xudoyqulov va Xushro‘y Ro‘ziyeva 8 ballik natija qayd etdi. Bitiruvchilarning IELTS bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 7 ballni tashkil qildi.
Tadbirda qayd etilganidek, maktab bitiruvchilari dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan. Jumladan, Shohruhmirzo Xudoyqulov Kanadaning Toronto universitetiga 250 ming AQSH dollari miqdoridagi to‘liq grant asosida qabul qilingan bo‘lsa, Asilbek Sattorov Gonkong Politexnika universitetining 130 ming dollarlik granti va yillik stipendiyasi sohibi bo‘ldi.
Maktab o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida ham munosib natijalarni qayd etmoqda. Xususan, Xalqaro iqtisodiyot olimpiadasida (IAO) kumush medalni qo‘lga kiritgan Asliddin Boynazarovning yutug‘i alohida qayd etildi. Shuningdek, o‘quvchilar xalqaro ta’lim va madaniy dasturlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Quyi sinf o‘quvchilari ham yuqori natijalarga erishmoqda. Jumladan, 6-sinf o‘quvchisi Bobur Abdumajitov Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan xalqaro matematika va ingliz tili olimpiadalarida birinchi o‘rinni egalladi. Maktabning teatr jamoasi esa Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Teatr – ibratxonadir” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘ldi.
Tadbir yakunida bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning kelgusida mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi. Muhim bilim va ko‘nikmalar bilan qurollangan yoshlar katta hayot sari kuzatildi.
[gallery-30020]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari