Prezident Administratsiyasi: vakolat, hamkorlik va mas’uliyatning huquqiy asoslari mustahkamlandi
2026-yil 14-avgustda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi. Prezident Administratsiyasi faoliyati ilk bor konstitutsiyaviy qonun darajasida yaxlit tartibga solindi.
O‘zA muxbiri konstitutsiyaviy qonunning mazmun-mohiyati, uning davlat boshqaruvi tizimidagi ahamiyati va amaliyot uchun yangiliklari haqida TDYUU professori, yuridik fanlar doktori Foziljon Otaxonov bilan suhbatlashdi.
– Foziljon Haydarovich, avvalo, yangi konstitutsiyaviy qonunning qabul qilinishi qanday zaruratdan kelib chiqdi va uning asosiy ahamiyati nimada?
– Prezident Administratsiyasi davlat organlari tizimida alohida va muhim o‘rin tutadi. Yangi Konstitutsiyaviy qonunning maqsadi – Prezident Administratsiyasi faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdan iborat. Unda Administratsiyaning huquqiy maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari, shakllanishi, vazifa va vakolatlari, Prezident Administratsiyasi rahbarining huquqiy maqomi, davlat organlari bilan munosabatlari hamda xodimlar faoliyatining kafolatlari belgilangan.
Ayniqsa, Administratsiya faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi, xolislik, mustaqillik, ochiqlik va shaffoflik belgilangani prinsipial ahamiyatga ega.
Shu ma’noda ushbu qonunni faqat ichki tashkiliy masalalarni tartibga soluvchi hujjat sifatida baholash to‘g‘ri emas. U davlat organlari tizimida vakolat va mas’uliyatning huquqiy chegaralarini aniqlashtirishga qaratilgan muhim institutsional qadamdir.
– Qonunda Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi va asosiy vazifalari qanday belgilangan?
– Administratsiyaning vazifalari ijroni nazorat qilish bilan cheklanmaydi. Qonunga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi – Prezidentning davlat boshlig‘i sifatida davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi va hamkorligini ta’minlashga ko‘maklashadigan, Prezident vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organidir.
Administratsiya Prezidentning farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosi doirasida davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiradi, mazkur hujjatlar ijrosini monitoring qiladi va nazoratini tashkil etadi. Administratsiya o‘z faoliyatida bevosita Prezidentga bo‘ysunadi va unga hisobdordir.
Administratsiyaning asosiy vazifalari qatoriga davlat siyosati va islohotlarni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash, mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashga ko‘maklashish, fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish, shuningdek, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish kabi yo‘nalishlar ham kiradi.
Yana bir muhim jihat – Administratsiya Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalarini mustaqil ravishda ishlab chiqishga haqli. Demak, uning faoliyati ijroni nazorat qilish bilan bir qatorda, qarorlarni tayyorlash va davlat siyosatiga oid takliflarni ishlab chiqishni ham qamrab oladi.
– Prezident Administratsiyasining Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi hamda hududiy davlat organlari bilan munosabatlari qanday huquqiy asosda tashkil etiladi?
– Konstitutsiyaviy qonun bu masalalarni ham aniq belgilab bergan. Administratsiya Oliy Majlis palatalari bilan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy muloqotni ta’minlaydi, Prezidentning qonunchilik tashabbusi huquqi amalga oshirilishini ta’minlaydi. Prezident tomonidan parlament palatalariga kiritiladigan dasturiy hujjatlar va boshqa masalalarni tayyorlashni muvofiqlashtiradi. Shuningdek, Prezidentning qonunni e’tirozlari bilan Oliy Majlisga qaytarish huquqi amalga oshirilishini tashkiliy jihatdan ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi va uning bo‘ysunuvidagi davlat organlari hamda tashkilotlari bilan munosabatlarda esa Prezident hujjatlari ijrosi doirasida idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish, ijroni monitoring qilish va nazoratni tashkil etish, milliy rivojlanish strategiyalari, davlat dasturlari va milliy loyihalar amalga oshirilishi monitoringini tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.
Hududlar bilan munosabatlarda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan ishlashning alohida mexanizmi nazarda tutilgan. Jumladan, Administratsiya viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyatini muvofiqlashtiradi, monitoring va nazorat qiladi, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini tahlil qiladi hamda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha Prezidentga asoslangan takliflar kiritadi.
– Sud hokimiyati bilan munosabatlarda qanday huquqiy chegaralar belgilangan? Bu hamkorlik sud hokimiyati mustaqilligiga ta’sir qilmaydimi?
– Bu masalada eng muhim jihat – hamkorlikning aniq huquqiy doirasini belgilashdir. Qonunning 19-moddasiga ko‘ra, Administratsiya sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik doirasida Prezidentga hamkorlikka oid masalalar bo‘yicha takliflar va tahliliy materiallar tayyorlaydi, Prezidentning sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorligiga oid vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi.
Shuningdek, Administratsiya sud-huquq sohasidagi islohotlarni muvofiqlashtiradi. Sud tizimini isloh qilishga doir takliflarni ishlab chiqadi hamda sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati uchun zarur tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishini ta’minlaydi.
Bu yerda muhim jihat shuki, mazkur hamkorlik sud hokimiyatining protsessual mustaqilligiga aralashish sifatida talqin qilinmasligi kerak. Konstitutsiyaviy qonun Administratsiyaning sud hokimiyati bilan hamkorligini aniq huquqiy vakolatlar doirasida belgilaydi.
– Konstitutsiyaviy qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, ochiqlik va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qanday mexanizmlar nazarda tutilgan?
– Bu borada ham konstitutsiyaviy qonunda aniq mexanizm belgilangan. Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaviy holatlarning oldini olish choralarini kuchaytirish maqsadida tashkil etiladigan komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati Administratsiyaning komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki maslahatchilari Administratsiya rahbari tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi hamda o‘z faoliyati davomida Administratsiya vakili maqomiga ega bo‘lishi belgilangan.
Ochiqlik va shaffoflik esa Administratsiya faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri sifatida belgilangan. Biroq, ochiqlik qonun bilan qo‘riqlanadigan axborotni oshkor qilish degani emas. Konstitutsiyaviy qonun Administratsiyada davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarni himoya qilishni, maxfiy ish yuritishni va axborot xavfsizligini ta’minlashni ham nazarda tutadi.
Demak, zamonaviy davlat boshqaruvida muhim vazifalardan biri – ochiqlik va axborot xavfsizligi o‘rtasida oqilona huquqiy muvozanatni ta’minlashdir.
– Administratsiya mansabdor shaxslari va xodimlarining huquqiy maqomi, ularning huquqiy himoyasi va mas’uliyati qanday belgilangan?
– Konstitutsiyaviy qonunning 3-bobi bevosita Administratsiya mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari faoliyatining kafolatlariga bag‘ishlangan. Unda ularni moddiy rag‘batlantirish, ijtimoiy ta’minoti, huquqiy himoyasi, daxlsizligi va ishga joylashtirish kafolatlari belgilangan.
Jumladan, Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi chog‘ida davlat himoyasida bo‘ladi. Ularning vazifalarini bajarishiga monelik qilish, sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilish, tahdid yoki zo‘rlik qilish, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, qonun xodimlarning huquqiy himoyasi bilan bir qatorda, Administratsiya to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish va belgilangan majburiyatlarni bajarish mas’uliyatini ham nazarda tutadi. Ya’ni, huquq va majburiyat, vakolat va mas’uliyat bir-biridan ajralmas tushunchalardir.
– Suhbatimiz yakunida ayting-chi, konstitutsiyaviy qonunning davlat organlari faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solishdagi eng muhim ahamiyatini nimada ko‘rasiz?
— Menimcha, mazkur konstitutsiyaviy qonunning ahamiyatini shartli ravishda quyidagi formula bilan ifodalash mumkin: vakolat → qonuniylik → ochiqlik → hisobdorlik → mas’uliyat.
Konstitutsiyaviy qonun Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, vazifa va vakolatlarini aniq belgilash bilan birga, uning faoliyatini Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi, xolislik, mustaqillik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari bilan bog‘laydi.
Eng muhimi, har qanday huquqiy normaning haqiqiy samarasi uning amaliyotda qanday ishlashi bilan belgilanadi. Zotan, davlat organining haqiqiy nufuzi va samaradorligi uning vakolatlari ko‘lami bilan emas, balki Konstitutsiya va qonunlarga qat’iy rioya qilgan holda, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishi va inson manfaatlariga xizmat qilishi bilan belgilanadi.
O‘zA muxbiri
Norgul Abduraimova
suhbatlashdi.