O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidentini Qurultoyga saylov muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini mamlakat tarixida ilk marotaba bir palatali Qurultoyga saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Yangi Qurultoy Qozog‘istonda izchil islohotlarni yanada ilgari surishda muhim omil bo‘lishi, keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qonunchilik jihatidan samarali ta’minlashi va mamlakatning barqaror rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.
Suhbat davomida davlat rahbarlari O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashdilar.