Pragada "Made in Uzbekistan" milliy shourumi ochildi
Mamlakatimiz eksport salohiyatini xalqaro bozorlarda keng targ‘ib etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlash va yangi savdo imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarovning Chexiya Respublikasiga amalga oshirgan xizmat tashrifi doirasida Praga shahrida “Made in Uzbekistan” milliy shourumi ochildi.
Mazkur shourum O‘zbekistonning eksport salohiyatini Yevropa bozorida targ‘ib qilish, milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Yevropa davlatlari ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ekspozitsiyadan mamlakatimizning 17 ta yetakchi korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 48 turdagi mahsulot o‘rin oldi, deyiladi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotida. Unda sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika, maishiy buyumlar va boshqa eksportbop tovarlar namoyish etilmoqda.
Shourum faoliyati mahalliy ishlab chiqaruvchilarga Chexiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish, yangi biznes hamkorlar topish hamda o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay imkoniyat yaratishi qayd etildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoridagi taniluvchanligini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Marhabo Hojiakbarova,
O‘zA