“Poykent Bukhara” – Buxoro turizmining yangi milliy brendi
Buxoro azaldan Sharq tamaddunining durdonasi, Buyuk ipak yo‘lining eng yirik madaniy va savdo markazlaridan biri sifatida butun dunyo sayyohlarini o‘ziga rom etib keladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida qadimiy shaharning xalqaro nufuzi yanada yuksalib, Buxoro nafaqat tarixiy merosi, balki zamonaviy turistik infratuzilmasi bilan ham jahonda e’tirof etilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Buxoroda “Buxoroda turizm istiqbollari va “Poykent Bukhara” milliy brendiga asos solinishi” mavzusida matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etishdi.
Tadbir dastlab Buxoro shahrida barpo etilgan zamonaviy “Poykent Bukhara Old City” mehmonxonasida boshlandi. Ishtirokchilar mehmonxonada sayyohlar uchun yaratilgan yuqori darajadagi qulayliklar, milliy me’morchilik uslubi va zamonaviy servis imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Shundan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Shahriyorov so‘zga chiqib, Buxoro turizmining bugungi rivojlanish ko‘rsatkichlari hamda istiqbolli rejalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Buxoroning jahon turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.
Buning yaqqol isboti sifatida so‘nggi yillarda erishilgan raqamlar diqqatga sazovor. Agar 2017-yilda Buxoroga 1,2 million nafar sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 7,5 million nafarga yetdi. Ya’ni sayyohlar oqimi qariyb 6,2 barobar oshdi.
Turizm eksporti hajmi esa 37,2 million AQSH dollaridan 736,9 million dollargacha o‘sib, qariyb 20 barobarga ko‘paydi. Bu esa turizm nafaqat madaniy, balki iqtisodiy taraqqiyotning ham muhim drayveriga aylanganini ko‘rsatadi.
[gallery-30665]
Sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar mehmonxona biznesining jadal rivojlanishiga xizmat qilmoqda. 2017-yilda viloyatda atigi 114 ta joylashtirish vositasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 730 taga yetdi. Natijada bir vaqtning o‘zida 18 ming nafardan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Har yili o‘rtacha 70 ta yangi mehmonxona va joylashtirish ob’ekti foydalanishga topshirilayotgani sohadagi o‘sish sur’atining yana bir yorqin dalilidir.
Ayniqsa, mahalliy tadbirkorlar tashabbusi bilan shakllanayotgan “Poykent Bukhara” mehmonxonalar tarmog‘i bugun milliy turizm brendi sifatida yangi bosqichga ko‘tarildi. Yaqinda mazkur tarmoqning beshinchi mehmonxonasi ishga tushirildi. Milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy mehmondo‘stlik standartlarini o‘zida mujassam etgan ushbu majmua sayyohlarda unutilmas taassurot qoldirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Buxoro shahrida yana bir zamonaviy 5 yulduzli mehmonxona qurilishi jadal davom etmoqda. Ushbu yirik loyiha kelgusi yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, Prezidentimiz milliy brendlarni mamlakatning xalqaro imiji, investitsiyaviy jozibadorligi va iqtisodiy raqobatbardoshligini belgilovchi muhim omil sifatida baholaydi. Shu nuqtai nazardan, “Poykent Bukhara” brendining davlat ro‘yxatidan o‘tgani nafaqat bir mehmonxonalar tarmog‘i, balki butun O‘zbekiston turizm sohasi uchun tarixiy ahamiyatga ega voqeadir.
Bu brend milliy me’morchilik, yuksak servis madaniyati va o‘zbek mehmondo‘stligining betakror uyg‘unligini namoyon etuvchi zamonaviy timsol sifatida shakllanmoqda. Yaqin istiqbolda u xalqaro turizm bozorida ham O‘zbekistonning eng nufuzli milliy brendlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Eng muhimi, mazkur mehmonxonalar tarmog‘i orqali 200 nafardan ziyod yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, mehmonxona boshqaruvi va xalqaro servis standartlari bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Buxoroda amalga oshirilayotgan bu kabi yirik loyihalar qadimiy shaharning sayyohlik salohiyatini yanada yuksaltirish, milliy brendlarni dunyoga tanitish va O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. “Poykent Bukhara” esa nafaqat mehmonxona, balki Yangi O‘zbekistonning ochiqligi, taraqqiyoti va o‘zbek mehmondo‘stligining butun dunyoga yo‘llangan yangi ramzi sifatida tarixda munosib o‘rin egallashi shubhasiz.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan aniq javoblar olishdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari