Pora bilan bog‘liq jinoyat uchun hukm qilingan shaxslar muddatidan ilgari ozod qilinishi taqiqlanmoqda
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
– Qonunning asosiy maqsadi – jinoyat qonunchiligida mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari qat’iyligini ta’minlash hamda xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, - dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov. – Qonun bilan Jinoyat kodeksiga konseptual va prinsipial o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Kodeksning sakkizinchi bo‘limiga “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama va ularning aniq ro‘yxati kiritilib, terminologik chalkashliklarga barham berildi.
Pora olish, pora berish va bu jarayonda vositachilik qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish institutini qo‘llash taqiqlanmoqda.

Sud amaliyotidagi ziddiyatlarni bartaraf etish maqsadida xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik belgisi Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismiga (o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga) o‘tkazildi va ushbu qilmish uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
Xususiy va nodavlat sektorida korrupsiyaning oldini olish maqsadida nodavlat tashkiloti xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish jinoyati uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida qilmishning “g‘arazgo‘ylik niyatlarida” sodir etilishi jazoni og‘irlashtiruvchi yangi kvalifikatsiya belgisi sifatida belgilanmoqda.

Davlat boshqaruvi tizimida funksiyalar takrorlanishining oldini olish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritildi va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimi joriy qilinishi ustidan nazorat qilish vazifasi bekor qilindi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda esa davlat xaridlari va byudjet tizimidagi qonunbuzilishlar uchun sanksiyalar kuchaytirildi.
Senatorlar ma’qullagan qonun jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlash hamda jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, F.Abdurasulov (surat), O‘zA