Plastik chiqindidan ekologik mahsulot
Qoraqalpog‘istonda yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy biznes loyihalarini amalga oshirishga rag‘batlantirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tanlov ham ana shu maqsadga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlaridagi bosqichlarida 263 ta mahalladan 3 ming 228 nafar yosh o‘zining startap, tadbirkorlik va ijtimoiy loyihalari bilan ishtirok etdi. Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar orasida atrof-muhitni asrash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi uchun talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar ham salmoqli o‘rin egalladi.
Tanlovning Nukus shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Jadira Bolegenovaning loyihasi esa ekologik muammoga tadbirkorlik yondashuvi bilan e’tiborga molik. Uning “Eko pufik” deb nomlangan startap loyihasi plastik chiqindilarni qayta ishlash va ulardan pufiklar ishlab chiqarish g‘oyasiga asoslangan. Loyihaning ahamiyatli jihati shundaki, unda chiqindi sifatida qaralayotgan plastik materiallar va gazlama qoldiqlaridan foydalanib, yangi mahsulot yaratish ko‘zda tutilgan.
Plastik chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, aholi uchun hamyonbop mahsulot ishlab chiqarish va loyihani kengaytirish hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.
— Mening maqsadim plastik chiqindilarni shunchaki yig‘ish emas, balki ulardan foydali mahsulot yaratish. Shu orqali ham ekologik muammoni hal etishga, ham yangi ish o‘rinlari yaratishga hissa qo‘shishni istayman, — deydi Jadira.
Ayni paytda ekologik toza va qayta ishlangan materiallardan tayyorlangan mahsulotlarga qiziqish ortib borayotgani bunday startaplarning bozorda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyat yaratmoqda. Jadiraning loyihasi ham g‘oyaning ijtimoiy ahamiyatini tadbirkorlik imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirgani bilan ajralib turadi.
Yosh tadbirkorning tashabbusi partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Zero, “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasining asosiy maqsadi ham yoshlarning yangi g‘oyalarini aniqlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish va istiqbolli tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri