Korxonaning qayta ishlash va eksport imkoniyati kengaymokda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida faoliyat yuritayotgan “Biogumus” fermer xo‘jaligi tomonidan quyoshda quritilgan ekologik toza, organik pomidorni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonada bugungi kunda pomidordan 10 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, ular Xitoy, Fransiya, Isroil va Yaponiya kabi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Joriy yilda ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida 15 milliard so‘m mablag‘ evaziga Xitoydan zamonaviy asbob-uskunalar keltirilib, hozirda ularni montaj qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yangi uskunalar ishga tushgach, quyoshda quritilgan pomidorga yog‘ va ziravorlar qo‘shish orqali yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada korxonada kuniga 5 ming quti mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu loyihaning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida korxona faoliyati yanada kengayib, ishlab chiqarish hajmi va eksport salohiyati oshadi. Eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri