Pensiya tizimida 35 yillik taraqqiyot: inson qadri va davlat g‘amxo‘rligi
Mamlakatimizda pensiya ta’minoti tizimi mustaqillik yillarida tubdan o‘zgardi. 1993-yil 3-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi bilan milliy pensiya tizimining huquqiy poydevori yaratilgan bo‘lsa, keyingi yillarda asosiy e’tibor pensiyani hisoblash, moliyalashtirish va tayinlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratildi. Bugun esa tizimning eng katta o‘zgarishi raqamlashtirish va proaktiv xizmatlar orqali namoyon bo‘lmoqda.
Tizimdagi o‘zgarishlarning muhim bosqichi 2000-yillarda boshlandi. Fuqarolarning mehnat faoliyati, ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni individual hisobga olish mexanizmlari shakllantirildi. 2009-2010-yillarda esa Pensiya jamg‘armasining institutsional roli kuchaytirilib, pensiya ta’minotini moliyalashtirish, mablag‘larni jamlash va to‘lovlarni tashkil etishni yagona tizim asosida boshqarishga e’tibor berildi. 2017-yildan keyin bu jarayon yangi bosqichga, ya’ni raqamlashtirishga o‘tdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2025-yillarda pensiya sohasida jami 76 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Ularning 10 tasi qonun, 27 tasi Prezident farmoni, 10 tasi Prezident qarori, 16 tasi Vazirlar Mahkamasi qarori va 13 tasi boshqa idoralararo huquqiy hujjatlardan iborat.
Raqamlashtirish: hujjatbozlikdan elektron ma’lumotlarga o‘tish
Bu davrdagi islohotlar pensiya sohasining huquqiy bazasini yangilash bilan cheklanmadi. Fuqaroga xizmat ko‘rsatish usuli ham o‘zgardi. Avvallari fuqaro o‘zining mehnat staji, ish haqi va boshqa huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni yig‘ib, bir nechta idoralarga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hozir zarur ma’lumotlarning katta qismi davlat axborot tizimlaridan elektron tarzda olinmoqda.
Bugun Pensiya jamg‘armasi 77 turdagi ma’lumotni boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda qabul qilib, pensiya tayinlashda ulardan foydalanmoqda. Bu fuqaroning pensiya huquqini tasdiqlashda uning qo‘lidagi qog‘oz hujjatdan ko‘ra davlat axborot bazalaridagi ma’lumotlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Raqamlashtirishning yana bir muhim natijasi fuqaroning Pensiya jamg‘armasiga borishiga bo‘lgan ehtiyojning kamayishidir. Pensiya jamg‘armasi bilan barcha tijorat banklari o‘rtasida elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, bank kartasi ochish jarayonida pensiyani ushbu kartaga o‘tkazish uchun elektron ariza berish imkoniyati yaratildi. Natijada har yili 2 milliondan ortiq fuqaroning Pensiya jamg‘armasiga kelish bilan bog‘liq ovoragarchiligi bartaraf etilmoqda.
2024-yil yanvardan boshlab pensiya tayinlash uchun Davlat xizmatlari markazi orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Pensiya tayinlashda yangi tartib: fuqarodan murojaat talab etilmaydi
Islohotlarning eng muhim nuqtasi 2025-yilda boshlandi. 2025-yil 1-martdan yoshga doir pensiyalarni fuqaroning alohida murojaatisiz, pensiya yoshiga to‘lishi munosabati bilan proaktiv tarzda tayinlash tartibi joriy etildi. 2025-yil oxiriga kelib yoshga doir pensiyalarning 38 foizi shu usulda tayinlandi.
Bu raqam tizimdagi muhim o‘zgarishni ko‘rsatadi: davlat endi faqat fuqaroning murojaatiga javob beruvchi emas, balki uning huquqi paydo bo‘lganini aniqlab, xizmatni o‘zi boshlaydigan tizimga o‘tmoqda.
2025-yil 1-iyuldan bu yondashuv nogironlik pensiyalariga ham tatbiq etildi. I yoki II guruh nogironligi belgilangan fuqarolarga pensiyani alohida murojaatsiz proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy qilindi. Natijada 2025-yilda jami nogironlik pensiyalarining 40 foizi proaktiv tarzda tayinlandi.
Shuningdek, ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarga kompensatsiyalar elektron ma’lumotlar asosida proaktiv shaklda tayinlana boshladi.
Nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarning pensiya miqdorini har ikki yilda proaktiv ravishda qayta hisoblash tartibining joriy etilgani ham muhim o‘zgarishlardan biri bo‘ldi.
Qulaylik va qamrov raqamlarda: 4,3 million pensioner va 3,8 million elektron xizmat
Pensiya tizimidagi o‘zgarishlarning amaliy natijasini xizmatlar ko‘lami va qamrovi ham ko‘rsatib turibdi. 2026-yil 1-iyul holatiga Pensiya jamg‘armasi hisobida turgan pensiya oluvchilar soni 4 361,4 ming nafarga yetdi.
Hozir Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolarga 25 turdagi xizmat ko‘rsatiladi, ularning 18 tasi elektron shaklga o‘tkazilgan. 2025-yilning o‘zida fuqarolarga 3 882 589 ta elektron, proaktiv, interaktiv va kompozit xizmat ko‘rsatildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida pensiya tayinlash uchun ariza berish, pensiya va nafaqa miqdori haqida ma’lumot olish, tayinlangan pensiya to‘g‘risida ma’lumotnoma shakllantirish, pensiyani naqd shaklga o‘tkazish, “SMS-Pensiya” xizmatiga ulanish kabi 10 ga yaqin onlayn xizmat ishga tushirilgan.
Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining chegarasi 2019-yilda 8 baravardan 10 baravarga, 2023-yilda esa 10 baravardan 12 baravarga oshirildi. 2023-yildan ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari va talabalari uchun boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar to‘lash amaliyoti joriy etildi.
2025-yil 1-oktabrdan davlat pensiya ta’minotiga oid va AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida to‘lash bilan bog‘liq xizmatlarda Face-ID orqali biometrik identifikatsiya hamda elektron imzodan foydalanish tartibi joriy etildi. Bu pensiya mablag‘larining aynan tegishli shaxsga manzilli yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston pensiya tizimining 35 yillik evolyutsiyasini faqat qabul qilingan qonunlar yoki joriy etilgan xizmatlar soni bilan baholab bo‘lmaydi. Asosiy o‘zgarish davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabat modelida yuz berdi.
Ilgarigi tizimda fuqaro o‘z huquqini isbotlash uchun hujjat yig‘ib, idorama-idora yurar edi. Yangi modelda esa davlatning o‘zida mavjud elektron ma’lumotlar fuqaroning huquqini aniqlash va unga tegishli xizmatni taqdim etish uchun asos bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, 35 yillik taraqqiyot natijasida pensiya tizimi fuqaroning murojaatini kutib turuvchi tizimdan uning huquq va manfaatlarini oldindan aniqlab, zarur xizmatlarni avtomatik tarzda taqdim etuvchi zamonaviy tizimga aylanib bormoqda. Bu esa aholi uchun qulaylik, shaffoflik va ijtimoiy himoya samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA