Byurokratiyadan xoli mehnat munosabatlari: kichik biznes va xodim kafolati
Zamonaviy bozor iqtisodiyoti, mehnat bozorining shiddat bilan o‘zgarishi hamda raqamli texnologiyalarning ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga chuqur kirib kelishi mehnat qonunchiligini davr talablariga moslashtirishni taqozo etmoqda. Bugungi kunda milliy va xalqaro ekspertlar hamjamiyatida asosiy muhokama mavzusi – xodimning ijtimoiy va huquqiy kafolatlarini to‘liq ta’minlash bilan bir qatorda, tadbirkorlik sub’ektlari uchun iqtisodiy moslashuvchanlikni yaratish, ortiqcha byurokratiya va ma’muriy g‘ovlarni bartaraf etishdan iboratdir.
Tasavvur qiling, 15 nafar xodim mehnat qilayotgan kichik korxonada iqtisodiy sabablarga ko‘ra buyurtmalar hajmi keskin kamaydi. Agar korxona rahbari o‘z vaqtida xarajatlarni optimizatsiya qilmasa, bir-ikki oy ichida butun biznes faoliyatini to‘xtatishi, oqibatda barcha xodimlar ishsiz qolishi mumkin. Shu sababli ayrim ish o‘rinlarini qisqartirish bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi, tegishli kompensatsiya to‘lovlari nazarda tutiladi. Ammo mazkur qarorni amaliyotga tatbiq etish uchun ish beruvchi murakkab, ko‘p bosqichli va uzoq vaqt talab qiladigan ma’muriy jarayonlarni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keladi.
Masalaning eng muhim mohiyati ham aynan shu nuqtada namoyon bo‘ladi: xodimni asossiz ishdan bo‘shatishdan himoya qiluvchi huquqiy kafolatlarni saqlab qolgan holda, ish beruvchiga qonuniy qarorni ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz va aniq tartib asosida amalga oshirish imkoniyatini berish mumkinmi?
Chunki ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish shunchaki oddiy ma’muriy buyruqqa imzo chekish emas. Bu qaror ortida doimiy daromad manbaidan ayrilayotgan inson, uning oilasi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchi turadi. Shu bois, mehnat qonunchiligida xodimning ijtimoiy himoyasi va asossiz bo‘shatishdan saqlovchi kafolatlar bo‘lishi mutloq zaruratdir.
Shu bilan birga, jarayonning ikkinchi tomonini ham atroflicha tahlil qilish lozim. Ayniqsa, kichik biznesda xodim bilan mehnat munosabatlarini tugatish tadbirkor uchun ma’naviy, moliyaviy va tashkiliy jihatdan murakkab qaror hisoblanadi. Ba’zan tadbirkorga bozorda boshqa yo‘l qolmaydi. Bozordagi talabning o‘zgarishi, yangi texnologiyalarning joriy etilishi natijasida ayrim vazifalarning avtomatlashuvi – masalan, ilgari uch nafar mutaxassis tomonidan bajarilgan hisob-kitob yoki qayta ishlash ishlarining bitta dasturiy ta’minot orqali amalga oshirilishi – muayyan shtat birliklariga ehtiyoj qoldirmaydi.
Bunday vaziyatda ish beruvchi murakkab tanlov oldida qoladi: ayrim ish o‘rinlarini qisqartirib, korxona va asosiy jamoani saqlab qolish yoki iqtisodiy muammoni ortga surib, oxir-oqibat butun jamoaning ish o‘rnini xavf ostiga qo‘yish.
Amaliyotda esa qonunchilikdagi ko‘plab formal va takroriy ma’muriy talablar mehnat munosabatlarining asl mohiyatidan ustun kelib qolishi kuzatilmoqda. Bu holat tadbirkor uchun qo‘shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni yuzaga keltiradi, huquqiy xavflarni va mehnat nizolarini ko‘paytiradi. Yirik kompaniyalarda alohida kadrlar va huquqshunoslik bo‘limlari mavjud bo‘lib, murakkab protseduralarni bexato yuritish imkoni yuqori. Biroq 10–20 kishi ishlaydigan kichik korxonada bu vazifalar rahbar yoki buxgalter zimmasiga tushadi. Oqibatda, yagona ortiqcha hujjat yoki shakliy talab ham kichik biznes uchun juda katta ma’muriy yuklamaga aylanadi.
Bundan tashqari, mamlakatda mehnat bozorining jozibadorligini oshirish va norasmiy bandlikni kamaytirish ham bevosita ushbu masalaga bog‘liq. Bugungi kunda O‘zbekistonda band aholining 8,6 million nafari rasmiy sektorda, 4,9 million nafari esa norasmiy sektorda faoliyat yuritmoqda. Davlatning vazifasi faqat mavjud rasmiy xodimlarni himoya qilish bilan cheklanmay, balki biznesni yangi va rasmiy ish o‘rinlarini yaratishga rag‘batlantirishdan iborat. Agar xodimni rasmiy ishga qabul qilish tadbirkor uchun kelajakda yuqori ma’muriy va huquqiy tavakkalchilik degan tasavvurni paydo qilsa, bu norasmiy bandlikning saqlanib qolishiga sabab bo‘ladi.
Xalqaro tajribaga nazar tashlansa, global miqyosda bu borada yagona yondashuv mavjud emas. Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) 158-sonli Konvensiyasi xodimni asossiz ishdan bo‘shatishdan himoya qilishga qaratilgan muhim hujjat bo‘lib, unda shartnomani bekor qilish uchun xodimning qobiliyati, xulq-atvori yoki korxonaning operatsion ehtiyojlari asos bo‘lishi belgilangan. Ya’ni, mazkur xalqaro standartning o‘zi ham korxonaning real iqtisodiy va tashkiliy zaruratlarini tan oladi. Mazkur Konvensiyani 37 ta davlat ratifikatsiya qilgan bo‘lsa, AQSH uni ratifikatsiya qilmagan, Braziliya esa ratifikatsiyadan so‘ng denonsatsiya qilgan. Bu misollar har bir mamlakat o‘z mehnat bozori va iqtisodiy modelidan kelib chiqib moslashuvchan qoidalarni tanlashini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) hamda Jahon bankining "B-READY" metodologiyasida ham mehnat qonunchiligining sifati faqat xodimni ishdan bo‘shatish qanchalik murakkabligi bilan emas, balki mehnat qoidalarining biznes uchun amaldagi xarajati, ishga olish va bo‘shatish jarayonlarining tezkorligi hamda nizolarni hal etish samaradorligi bilan baholanadi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mehnat qonunchiligini takomillashtirishda masalani “xodimdan tadbirkorni” yoki “tadbirkordan xodimni” himoya qilish tarzida qo‘yish noto‘g‘ri. Eng oqilona va zarur yondashuv – ikkala tomon uchun ham shaffof, adolatli va samarali ishlaydigan yagona qoidalarni mustahkamlashdir.
Buning uchun, birinchidan, mehnat shartnomasini bekor qilishda xodimning asosiy huquqiy kafolatlarini (qonuniy asos, xabardor qilish, kompensatsiya va sud orqali himoyalanish) qat’iy saqlagan holda, ortiqcha va takroriy ma’muriy jarayonlarni bekor qilish lozim. Ikkinchidan, xususiy sektor va kichik biznes uchun mehnat munosabatlarini hujjatlashtirish tartiblarini yengillashtirish orqali rasmiy bandlikni oshirishga erishish zarur. Zero, haqiqiy mukammal mehnat qonunchiligi qog‘ozbozlik va byurokratiyani emas, balki insonning asl huquqlarini samarali himoya qiladigan hamda mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga keng yo‘l ochadigan muvozanatli tizimdir.
Saidburxon Amirov,
Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish
ta’sirini baholash instituti yetakchi maslahatchisi