Partiya faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida “Partiya ishlarini tashkil etishda zamonaviy yondashuvlar va yosh kadrlarning o‘rni” mavzusida amaliy o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, partiya faoliyati samaradorligini oshirish, elektorat bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, raqamlashtirish jarayonlari hamda yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
[gallery-30051]
Ta’kidlanganidek, partiya viloyat kengashi faoliyatiga zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini tatbiq etish natijasida tizimda yoshlar ulushi ortib, xodimlarning o‘rtacha yoshi 43 yoshdan 36 yoshgacha kamaygan. Shuningdek, so‘nggi ikki yilda partiya a’zolari soni qariyb ikki barobarga ko‘paygan.
Seminarda deputatlik korpusi faoliyatini kuchaytirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tadbir doirasida partiyaning yagona mobil ilovasi konsepsiyasi taqdim etildi. Shuningdek, “G‘oyadan qonungacha” ekotizimini yaratish hamda partiyaning 35 yilligi munosabati bilan “35 nafar yosh yangi liderlar” dasturini amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.
Seminar ishtirokchilari Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlari hamda Beshariq tumanida partiya kengashlari faoliyati bilan tanishib, elektorat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rgandilar.
Ikki kunlik amaliy o‘quv-seminar yakunida partiya faoliyati samaradorligini oshirish, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA