Jonlantirilgan tarix
Dunyoning rivojlangan davlatlari va ularning yirik sayyohlik markazlarida jonlantirilgan tarixni ko‘rish mumkin.
Avstraliyaning oltin qazuvchilar shahri Botalot, Misrning Qohirasidagi Sfinks poyi, Koreya Respublikasining Seul shahri yaqinidagi dunyoga mashhur “Saroy javohiri” filmi tasvirga tushirilgan qishloq kabi yana ko‘plab manzillarda aktyorlar o‘sha davr, zamon qahramonlari kiyimida sahnaga aylangan ko‘chalar, maydonlar, saroylarda harakat qiladi. Tomoshabin esa go‘yo asrlar osha o‘sha davrga borib qolgandek, voqelik ishtirokchisidek sezadi o‘zini.

Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasi majmuasida ham “Xon qabuli” marosimi sahnalashtirildi. Unda o‘nlab tarixiy shaxslar siymosidagi aktyorlar qatnashdi.

Tadbir Farg‘ona viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Qo‘qon shahar musiqali drama teatri hamda Qo‘qon shahar muzey-qo‘riqxonasi hamkorligida amalga oshirildi.

Sahna ko‘rinishi orqali xonlik davri saroy an’analari, milliy qadriyatlar va tarixiy merosning o‘ziga xos jihatlari namoyon etildi. Teatrlashtirilgan chiqishlar mehmonlar va sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otib, ularda unutilmas taassurot qoldirdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA