Parkentda yangi turizm majmuasi ochildi
Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish, hududlarning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish, ichki va tashqi turizm uchun zamonaviy infratuzilma yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda tog‘li hududlarning tabiiy imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda yangi dam olish maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Parkent tumanida foydalanishga topshirilgan zamonaviy “Silver Valley” oilaviy dam olish majmuasi ana shunday yirik loyihalardan biridir.
Toshkent viloyatining betakror tog‘ manzaralari, musaffo havosi va so‘lim tabiati bilan mashhur Kumushkon hududida joylashgan majmua 29,5 gektar maydonni egallaydi. Xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilgan loyiha zamonaviy me’moriy yechimlar, qulaylik va ekologik talablar uyg‘unligi asosida barpo etilgan.
Majmuada mehmonlarni qabul qilish va ularga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Xususan, 120 o‘rinli 12 ta shale, zamonaviy restoran, “Yurta” nomi ostidagi 12 ta restoran-o‘tov, sauna va basseynlar, milliy uslubdagi o‘tovlar, sport hamda bolalar maydonchalari tashkil etilgan. Shuningdek, hududda zamonaviy ko‘ngilochar infratuzilma ob’ektlari ham o‘rin olgan. Jumladan, ziplayn va tyubing attraksionlari, yozgi kinoteatr, foto-zonalar, sayil va piknik hududlari dam oluvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, majmuada tabiat bilan uyg‘un muhit yaratishga katta e’tibor qaratilgan. Hududni ko‘kalamzorlashtirish doirasida 2 ming tup turli daraxt ko‘chatlari ekildi. Ichki infratuzilmani yaxshilash maqsadida 3,5 kilometr ichki yo‘lga asfalt yotqizildi.
Yashil hududlarni barqaror ravishda sug‘orish va suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 1000 tonna sig‘imga ega suv inshooti ham barpo etildi. Bu esa majmua hududida obodonlashtirish ishlarini uzluksiz davom ettirish va yashil maydonlarni ko‘paytirish uchun muhim omil bo‘ladi. Loyihaning ahamiyatli jihatlaridan yana biri — yangi ish o‘rinlarining yaratilishidir. Majmua to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, 200 nafardan ortiq fuqaroni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bunda, avvalo, mahalladagi yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat beriladi.
[gallery-30972]
Kumushkon va Chashma qishloqlariga “turizm qishlog‘i” maqomi berilgani ham hududning sayyohlik borasidagi ulkan imkoniyatlaridan dalolat beradi. Bu yerda tog‘ landshaftlari, tabiiy maskanlar, milliy qadriyatlar va zamonaviy xizmatlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish orqali yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Endilikda tog‘ bag‘rida qad rostlagan mazkur zamonaviy maskan Toshkent viloyati aholisi, poytaxt mehmonlari, yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyuruvchi sayyohlar hamda xorijiy mehmonlar uchun mazmunli hordiq chiqarish, tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish va hududning betakror go‘zalligidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Bunday loyihalarning ko‘payishi Parkent tumanining turistik jozibadorligini oshirish barobarida, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy aholi daromadlarini ko‘paytirish va hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari