Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqandda
Ozarbayjonning yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat delegatsiya Samarqandda mehmon bo‘ldi.
Mehmonlarni Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat hokimligi mas’ullari kutib oldi.
Ozarbayjonlik jurnalistlar dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Mehmonlarga buyuk muhaddisning hayoti va ilmiy merosi, uning islom olamidagi beqiyos o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
– Samarqandga birinchi marta kelishim. Bu tarixiy va betakror shahar meni hayratga soldi, – deydi Ozarbayjonning “Real TV” telekanali muxbiri Namida Karimova. – Ayniqsa, shaharning qadimiy obidalari, muhtasham masjid va madrasalari bizda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekiston juda boy tarixiy, madaniy yodgorliklarga ega, turistik imkoniyatlari juda yuqori mamlakat ekanligiga amin bo‘ldik.
Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar Samarqand xalqaro turizm markazi, “Boqiy shahar” majmuasi, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, UNWTO xalqaro turizm akademiyasi, Registon maydoni hamda boshqa diqqatga sazovor maskanlarda ham bo‘ldi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri