Para yengil atletikachilarimiz Nottvil Gran-prisini 19 ta medal bilan yakunladi
Shveysariyaning Nottvil shahrida para yengil atletika bo‘yicha xalqaro Gran-pri musobaqasi yakuniga yetdi. Uch kun davom etgan bahslarda dunyoning 58 mamlakatidan 450 nafar sportchi ishtirok etdi.
Quvonarlisi, mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etdi. Bellashuvlarning so‘nggi kunida vakillarimiz 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Jumladan, Bobur Omonov F41 klassida yadro uloqtirish dasturida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Qudratulloxon Ma’rufxo‘jayev F37 klassida barcha raqiblaridan ustun keldi. Anora So‘fiyeva T47 klassida uzunlikka sakrash bahslarida kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Yoqutxon Xolbekova T12 klassida nayza uloqtirish, Barotjon Baxtiyorov esa T36 klassida yadro uloqtirish dasturida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, yurtdoshlarimiz Nottvil Gran-prisini 6 ta oltin, 3 ta kumush va 10 ta bronza, jami 19 ta medal bilan yakunladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA