"Jahon chempionati — 2026": “F” guruhida Yaponiya Niderlandiyaga munosib qarshilik ko‘rsata oladimi?
Kuni kecha futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Shu tarkib bilan delegatsiya 26-may kuni erta tongda AQSHga yo‘l oladi.
Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa mundialga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini 27–29-may kunlari Nyu-York shahrida o‘tkazadi. Shundan so‘ng 30-mayda Edmonton shahriga yo‘l olib, 1-iyun sanasida Kanada terma jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushadi.
Ushbu o‘yindan keyin terma jamoa yana Nyu-Yorkka qaytib, qisqa hordiqdan so‘ng 8-iyun kuni Niderlandiya termasiga qarshi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi.

Dunyoning yetakchi jamoalariga qarshi o‘tkaziladigan mazkur bahslar milliy terma jamoamizning taktik va jismoniy holatini baholash, shuningdek, murabbiylar shtabi uchun tarkib va o‘yin uslubini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
An’anaga muvofiq, bugun Jahon chempionatining "F" guruhi haqida to‘xtalamiz. Ya’ni, termamizning so‘nggi nazorat uchrashuvidagi raqibi - Niderlandiya terma jamoasining saralash bosqichidagi ishtiroki hamda Yaponiya, Tunis va Shvetsiya termalarining mundialgacha bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaymiz.

Yevropa qit’asidagi saralashda Niderlandiya terma jamoasi “G” guruhida 8 uchrashuvning 6 tasida g‘alaba qozonib, 2-marta durang o‘ynadi va 20 ochko bilan Jahon chempionati yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joiz, Niderlandiya terma jamoasi o‘z tarixida 12-marotaba mundialda ishtirok etadi. Jamoa avvalgi ishtiroklarida 1974, 1978 va 2010-yillarda kumush, 2014-yilda esa bronza medallarini qo‘lga kiritgan.
“F” guruhida Yevropaning ikkinchi vakili - Shvetsiya terma jamoasi hisoblanadi. Shvedlar saralashning “B” guruhida 2 ochko bilan qolib ketgan bo‘lsa-da, UEFA Millatlar ligasi 2024/2025-yilgi mavsumi reytingi orqali pley-offga yo‘l olib, imkoniyatni saqlab qoldi. Pley-offda ular avval Ukraina termasini 3:1, so‘ng Polsha terma jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shvetsiya terma jamoasi shu kunga qadar 12-marta mundialda ishtirok etgan. Jamoa 1950 va 1954-yilgi birinchilikda bronza, 1958-yilda esa kumush medal sohibi bo‘lgan.
Mundialning “F” guruhidagi yana bir jamoa — Yaponiya termasi Osiyo mintaqasidagi saralash bahslarini ikkinchi bosqichdan boshladi. Yaponlar “B” guruhida 18 ochko to‘plab, keyingi raundga yo‘l oldi. Uchinchi bosqichning “C” guruhida esa 23 ochko bilan birinchi o‘rinni egallab, o‘z tarixida sakkizinchi bor mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Aslida, bu Yaponiya uchun o‘n birinchi ishtirok bo‘lishi mumkin edi. Biroq jamoa 1930–1938-yillardagi chempionatlarda qatnashishdan bosh tortgan, 1950-yilgi musobaqadan esa FIFA qarori bilan chetlatilgan.
Afrika qit’asida Tunis terma jamoasi “H” guruhida 10 turda 9 g‘alaba va 1 durang bilan 28 ochko to‘plab, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu jamoa uchun Jahon chempionatidagi yettinchi ishtirok hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, “F” guruhida favorit qisman Niderlandiya. Niderlandiya va Tunisning imkoniyatlari nisbatan yuqori baholansa-da, Yaponiya va Shvetsiya ham kutilmagan natijalar qayd etishi mumkin. Guruh taqdiri 14–25-iyun kunlari hal bo‘ladi.
“F” guruhi o‘yinlari taqvimi:
14 iyun:
Нидерлaндия — Yaponiya (AT&T Stadium, Arlington)
Shvetsiya — Tunis (Estadio BBVA, Guadalupe)
20 iyun:
Нидерлaндия — Shvetsiya (NRG Stadium, Xyuston)
Tunis — Yaponiya (Estadio BBVA, Guadalupe)
25 iyun:
Япония — Shvetsiya (AT&T Stadium, Arlington)
Tunis — Niderlandiya (Arrowhead Stadium, Kanzas-Siti)
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA