Oziq-ovqat xavfsizligi — global va milliy tahdidlar qarshisida
Har yili 29-sentabr dunyo miqyosida Xalqaro oziq-ovqat mahsulotlarini isrof qilish va uvol qilish to‘g‘risida xabardorlik kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana insoniyat oldida turgan eng jiddiy global muammolardan biri — bir tomonda milliardlab tonna yeguliklar axlatga tashlanayotgani, boshqa tomonda esa millionlab insonlar ochlik va surunkali to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotganini yaqqol ko‘rsatib turadi.
Xo‘sh, oziq-ovqat xavfsizligi o‘zi nima? Xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ta’rifga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligi barcha insonlarning o‘z hayoti va sog‘lom faoliyatini ta’minlash uchun doiraviy ravishda jismoniy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan xavfsiz, to‘yimli hamda yetarli miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishidir. Bu tushuncha faqatgina yeguliklarning mo‘l-ko‘l bo‘lishini emas, balki ularning xavfsizligi, sifati, inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmasligi hamda barcha qatlamlar uchun imkoniyatlar tengligini ham o‘z ichiga oladi.
Iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining tanqisligi, logistika zanjirlarining uzilishi va global mojarolar sababli oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlash murakkablashib bormoqda. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon bo‘ylab ishlab chiqarilayotgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb uchdan biri, ya’ni har yili 1 milliard tonnadan ortiq yaroqli yegulik iste’molga yetmasdan isrof bo‘lmoqda. Ushbu isrofgarchilik global miqyosda issiqxona gazlari chiqindilarining 8–10 foizini keltirib chiqarib, iqlim o‘zgarishlarini yanada tezlashtirmoqda. Statistik tahlillarga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari eng ko‘p isrof qilinadigan hududlarga Shimoliy Amerika va Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyoning ba’zi davlatlari kiradi. Bu hududlarda asosiy isrofgarchilik iste’molchilar madaniyati, ya’ni xarid qilingan mahsulotlarning muddati o‘tib ketishi yoki umumiy ovqatlanish shoxobchalarida ortiqcha tayyorlanishi hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda asosan Afrika qit’asining ayrim mintaqalari, Janubiy Osiyo hamda mojarolar va tabiiy ofatlardan jabr chekayotgan qator davlatlarda odamlar kunlik oddiy oziq-ovqatga ham zor. Yerdagi har o‘ninchi inson surunkali ochlik sharoitida yashayotgan bir paytda, yeguliklarning uvol qilinishi katta gumanitar va ma’naviy muammo ekanligini ko‘rsatadi.
Mazkur global muammolar fonida O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvini yo‘lga qo‘yish borasida muhim institutsional qadamlar tashlanayotir. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil 12-maydagi «Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi фармонi hamda “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu orada muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu qarorga muvofiq, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etildi. Mazkur qo‘mita oziq-ovqat xavfsizligining yagona tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish, sohadagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tashqi savdo operatsiyalarida veterinariya va fitosanitariya nazoratini muvofiqlashtirish uchun mas’ul etib belgilandi.
Shuningdek, sohani raqamlashtirish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda yagona avtomatlashtirilgan axborot platformasi ishga tushirilmoqda. Ushbu platforma sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda xavflarni boshqarish, xavfli oziq-ovqat mahsulotlari to‘g‘risida aholiga tezkor xabar berish hamda mahsulotlarni qaytarib olishning elektron tizimini yaratishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, oziq-ovqat biznesi operatorlari, yangi turdagi mahsulotlar, oziq-ovqat qo‘shimchalari va veterinariya dori vositalarini ro‘yxatga olish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, «Yagona darcha» bojxona tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Qishloq xo‘jaligida resurslardan oqilona foydalanish, ishlab chiqarishdan to iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan zanjirda mahsulotlarning nobud bo‘lishining oldini olish hamda jamiyatda oziq-ovqatga hurmat bilan qarash madaniyatini yuksaltirish mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlashning muhim poydevori hisoblanadi. Unutmaylik, har bir tejalgan oziq-ovqat resurslaridan oqilona foydalanish sayyoramizni asrash, isrofgarchilikka barham berish hamda kelajak avlodlar uchun farovon hayotni ta’minlashga zamindir.
Mohigul Qosimova, O‘zA