O‘zbekning haqiqiy arslon o‘g‘loni haqidagi film
O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida «O‘zbek arsloni» badiiy filmining tantanali premerasi bo‘lib o‘tdi.
Film tomoshabinlar, san’at ixlosmandlari hamda kino sohasi vakillari tomonidan iliq kutib olindi. Premera davomida film ijodkorlari, aktyorlar va mehmonlar ishtirok etib, ushbu tarixiy asarning mazmun-mohiyati haqida fikr almashdi. Ushbu kartina mamlakatimizning turli hududlari, harbiy qismlari, oliy o‘quv yurtlarida ham muvaffaqiyatli namoyish etilgani e’tiborga molik.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev filmning tarixiy va ma’naviy ahamiyati haqida alohida gapirdi.

Mazkur kartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan, “O‘zbekfilm” hamda “Cinema of Central Asia” ijodiy tuzilmalari hamkorligida suratga olingan.
Film Ikkinchi jahon urushi davrida jasorati, matonati va fidoyiligi bilan tarixda o‘chmas iz qoldirgan Mamadali Topivoldiyev hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda insoniylik, do‘stlik va vatanparvarlik, yurtga sadoqat g‘oyalari chuqur yoritilgan.

“O‘zbek o‘g‘loni” — Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi davr fonida kechadigan, jasorat, insonparvarlik va mas’uliyat haqidagi dramatik tarixiy film. Asar markazida oddiy qishloq yigiti Mamadali Topivoldiyevning taqdiri turadi. U frontda fidoyilik ko‘rsatib, dushman ortidagi xavfli operatsiyalarda qatnashadi, og‘ir yaralansa-da, irodasi, burch va mas’uliyati tufayli tirik qoladi va partizanlar safida “Kazbek” laqabi bilan afsonaga aylanadi.
Filmda uning jang maydonidagi jasorati bilan bir qatorda, insonlar o‘rtasidagi samimiy munosabatlar — Vanya Rilkov bilan do‘stligi, begonalar orasida ham ona mehrini topishi kabi holatlar juda ta’sirchan ochib beriladi.

Urushdan qaytgach, Mamadali tinchlikning haqiqiy qiymatini anglagan holda qishloq hayotini tiklashga bel bog‘laydi. Kolxoz raisi sifatida u faqat iqtisodiy emas, ma’naviy yuksalish — maktablar, klublar qurish, odamlarga umid berish uchun kurashadi. Biroq u yangi “maydon”da — shubha, hasad va adolatsizlikka qarshi ham jang qilishga majbur bo‘ladi.
“O‘zbek o‘g‘loni” bu - nafaqat urush qahramoni haqidagi hikoya, balki tinchlik uchun ham kurash tugamasligini, haqiqiy g‘alaba inson qalbi va jamiyatni tiklashda ekanini ko‘rsatadigan ta’sirchan drama.
Mamadali Topivoldiyev Ikkinchi jahon urushi davrida Belarusda jang qilgan mashhur o‘zbek partizani, chin ma’noda yurt qahramoni edi. U Belarusda razvedkachi sifatida ko‘rsatgan jasoratlari bilan tanilgan.
Gitlerni dahshatga solgan bu o‘zbek o‘g‘loni 1919-yil 20-sentabrda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanidagi Pandigon qishlog‘ida tavallud topgan. 1939-yilda armiyaga chaqirilgan. Urush boshlanganda Bobruysk shahrida (Belarus) xizmat qilgan.
Urushning ilk kunlarida uning harbiy qismi qurshovda qoladi. Topivoldiyev Borisov shahri yaqinida asirlikdan qochib, mahalliy aholi yordamida omon qoladi va partizanlar safiga qo‘shiladi.
Mamadali partizanlar brigadasining maxsus otryadida razvedka bo‘linmasi komandiri bo‘lgan. Uni tog‘liklar kabi chaqqonligi uchun «Kazbek» deb atashgan. Mamadali Topivoldiyev ko‘plab fashistlarni yo‘q qilgan, 5 ta eshelonni portlatgan va nemis generalini asir olgan.
Mamadali Topivoldiyev o‘zbek va belarus xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi hisoblanadi. Belarusda unga atab yodgorliklar o‘rnatilgan va muzeylarda uning buyumlari saqlanadi.
O‘zbekiston va Belarus kinoijodkorlari hamkorligida suratga olingan ushbu film Mamadali Topivoldiyevning jasoratiga bag‘ishlangan yirik loyihadir. Ssenariy mualliflari – Akbar Bekturdiyev, Jo‘rabek Ro‘zmetov, Igor Kostechenko, postanovkachi rejissyor – Akbar Bekturdiyev. Postanovkachi operator – Husan Alijonov, postanovkachi rassom – Akmal Saidov. Ikkinchi rejissyor – Bahriddin Aynazarov, bastakor – Ubaydullo Karimov. Bosh rol ijrochisi – mashhur aktyor Ulug‘bek Qodirov. Filmda shuningdek, Dirk Martens (Germaniya), Fotih Nasimov, Lola Usmonova, Adham Akramov, Ilhom Sodiqov, Farhod Xudoyberdiyev va boshqa akteyorlar rollarni ijro etgan.
“O‘zbek arsloni” filmi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, jasorat, fidoyilik va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini musthakamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Bu film tarixga ehtirom va қаҳрамонлар xotirasiga bag‘ishlangan yuksak san’at asaridir.
Film premerasiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri