Yosh jahon chempioni tantanali kutib olindi
Shu kunlarda Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida muay-tay (Tailand jang san’ati) bo‘yicha kattalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kuchli sportchilar qatnashgan mazkur chempionatda mamlakatimiz yoshlar terma jamoasi safida xonobodlik Asilbek Yangiboyev ishtirok etib, o‘z vazn toifasida 1- o‘rinni qo‘lga kiritdi. U oltin medal va jahon chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldi.
Yosh chempionni Xonobod shahar hokimi Elyorbek Abdurahmonov boshchiligida keng jamoatchilik vakillari, murabbiylar, yosh sportchilar hamda chempionning oila a’zolari tantanali ravishda kutib oldi.


Tantanali tadbirda so‘z olganlar yosh chempionni g‘alaba bilan muborakbod etib, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlar sportini rivojlantirish, yosh sportchilarning o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini ta’kidladi.
Asilbekka kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilab, uning g‘alabasi yurtimiz yosh sportchilariga faxr-iftixor va ulkan motivatsiya berishi qayd etildi.

F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari