O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan huquqiy asoslar mustahkamlanmoqda
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida O‘zbekistonning xalqaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Majlisda energiya xavfsizligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish xalqaro hamjamiyatning ustuvor vazifalaridan biriga aylangani qayd etildi.
“Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toza energiya markazi ustavini (Ashxobod, 2021-yil 27-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorligini yanada kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini izchil joriy etish hamda barqaror energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, “Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani (Ostona, 2025-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni kuchaytirishga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2026-yil 5-fevral) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur Bitim xorijiy davlatda ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga jazoni o‘z davlati hududida o‘tash imkoniyatini yaratadi. Bu esa mahkumlarning oila a’zolari bilan aloqalarini saqlab qolish, ularning ijtimoiy moslashuvi va qayta ijtimoiylashuviga ko‘maklashadi.
Majlisda “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Muhokama davomida senatorlar qayd etishicha, mazkur qonunlarning qabul qilinishi O‘zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada mustahkamlab, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, sud-huquq sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda transmilliy jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA