O‘zbekiston va Xitoy texnik jihatdan tartibga solish sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu yo‘nalishda standartlashtirish, sertifikatlashtirish, metrologiya va avtomobilsozlik sohasidagi texnik sinov tizimlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligida Xitoy Xalq Respublikasining Avtomobil texnologiyalari va tadqiqotlari markazi (CATARC) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, sohada ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida standartlashtirish, muvofiqlikni baholash va sertifikatlashtirish, metrologiya, laboratoriya sinovlari hamda avtomobilsozlik sanoati uchun texnik sinovlar tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish va xalqaro amaliyotlarni keng joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, Xitoy delegatsiyasi Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan, avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan maxsus majmua faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun taklif etildi. Bu tashrif zamonaviy sinov infratuzilmasi imkoniyatlarini namoyish etish, amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yechimlar va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, texnik jihatdan tartibga solish sohasida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldi.
Uchrashuv konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash uchun muhim qadam bo‘ldi. Bu hamkorlik mamlakatimizda mahsulot sifati va xavfsizligini ta’minlash, avtomobilsozlik sanoatida xalqaro standartlarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA