O‘zbekistonning so‘mdagi suveren obligatsiyalari “GBI-EM” indeksiga kiritildi
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi Axborot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, “J.P. Morgan” investitsiya banki O‘zbekistonning so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalari 2026-yil 30-sentabrdan boshlab “Government Bond Index - Emerging Markets” (GBI-EM) indeksi tarkibiga kiritilishini ma’lum qilgan.
“GB-EM” rivojlanayotgan mamlakatlarning milliy valyutadagi davlat obligatsiyalari bozorini kuzatuvchi dunyodagi nufuzli indekslardan biri hisoblanadi. Undan 300 milliard dollardan ortiq aktivlarni boshqarayotgan xalqaro investorlar investitsiya qarorlarini qabul qilishda foydalanadi.
O‘zbekiston milliy valyutadagi suveren obligatsiyalari “GBI-EM” indeksiga kiritilayotgan MDHdagi birinchi va hozircha yagona davlat bo‘ladi. Bu mamlakatning xalqaro moliya bozoridagi mavqeini mustahkamlash, investorlar bazasini kengaytirish va tashqi manbalardan mablag‘larni yanada maqbul shartlarda jalb qilish imkoniyatlarini oshiradi.
2026-yilda O‘zbekiston 1 milliard dollar ekvivalentidagi 3 yillik so‘mdagi suveren xalqaro obligatsiyalarni 12,25 foiz stavkada joylashtirgan. Mazkur stavka ichki moliya bozoridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 14 bazis punktga past bo‘lgan. Ushbu emissiya Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq hamda Afrika mintaqasida so‘nggi 15 yilda milliy valyutada amalga oshirilgan eng yirik tranzaksiya sifatida qayd etilgan.
Mamlakatimizning xalqaro moliya bozoridagi mavqei kredit reytinglaridagi ijobiy o‘zgarishlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, “Fitch” O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-”dan “BB”ga oshirib, reyting kutilmasini “Barqaror”dan “Ijobiy”ga o‘zgartirgan. “S&P” reytingni “BB-”dan “BB”ga ko‘targan bo‘lsa, “Moody’s” O‘zbekiston reytingini “Ba3”dan “Ba2”ga oshirgan.
Xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy o‘sishni diversifikatsiya qilish, byudjet intizomini kuchaytirish va davlat qarzini barqaror darajada saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarni ijobiy baholamoqda.
Shu bilan birga, mamlakatda ichki davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Davlat qimmatli qog‘ozlarining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2022-yildagi 17,1 foizdan 2026-yil birinchi yarim yilligida 12,6 foizga pasaygan. O‘rtacha so‘ndirish muddati esa 1,5 yildan 2,35 yilga uzaygan.
Bu o‘zgarishlar mablag‘ jalb qilish xarajatlarini kamaytirish va qayta moliyalashtirish xatarlarini pasaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, xalqaro investorlarni ichki moliya bozoriga jalb qilish uchun zarur infratuzilma yaratilmoqda.
Jumladan, 2026-yilda “Raiffeisen Bank International” tomonidan O‘zbekiston bozorida kastodian xizmatlarini joriy etish bo‘yicha ishlar boshlangani xorijiy investorlarning mahalliy qimmatli qog‘ozlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘l ochadi.
Umuman, O‘zbekistonning “GBI-EM” indeksiga kiritilishi mamlakatimizning xalqaro moliya bozoridagi nufuzini oshirish, investorlar doirasini kengaytirish hamda zarur moliyaviy resurslarni yanada maqbul shartlarda jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA