O‘zbekistonning OHICHK sammitidagi tashabbuslari: Ishonch va hamkorlikni mustahkamlashning yangi tamoyili
Davlatimiz rahbarining Bokuda bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) VII sammitidagi nutqi mintaqaviy xavfsizlik va ko‘p tomonlama hamkorlik kelajagi muhokamasida muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, anjumanda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan keng muhokama qilinib, mamlakatimiz yondashuviga ijobiy munosabatlar bildirilmoqda.
O‘zA mavzu yuzasidan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi doktoranti Charos Jumanazarovaning fikrini yozib oldi.
– Sammitda davlat rahbari siyosiy ishonchni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, iqlim barqarorligini ta’minlash va gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Darhaqiqat, geosiyosiy raqobat kuchayishi, mintaqaviy mojarolar va global iqtisodiy muammolar sharoitida davlatlar aro hamkorlikning barqaror mexanizmlarini shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston takliflarining asosida aynan shunday yondashuv mujassam.
Siyosiy muloqotdan ishonch infratuzilmasigacha
Prezidentning asosiy tashabbuslaridan biri – Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar barqarorligini ta’minlash va oldindan bashorat qilinadigan shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Bu jarayonda transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika sohasidagi hamkorlik, savdo, raqamli integratsiya va gumanitar almashinuv muhim o‘rin egallaydi.
Bevosita dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun bunday hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Xalqaro transport yo‘nalishlarini rivojlantirish tashqi savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, logistika xarajatini kamaytirish va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash imkonini beradi.
Uzoq muddatli istiqbolda ushbu tashabbusning amalga oshirilishi siyosiy keskinlikni kamaytirish, qarama-qarshiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish uchun qo‘shimcha rag‘bat beradi.
Xalqaro xavfsizlik va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish
Prezident nutqida xalqaro xavfsizlik masalasi, jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyat va G‘azo sektoridagi gumanitar inqirozga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston xalqaro mojarolarni BMT Nizomi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari asosida siyosiy-diplomatik vositalar orqali hal etish tarafdori bo‘lib kelmoqda.
OHICHK doirasida preventiv diplomatiya mexanizmlarini mustahkamlash inqirozlarning oldini o‘z vaqtida olish, maslahatlashuvlarni rivojlantirish va tomonlar uchun maqbul yechimlar topish imkoniyatini kengaytiradi.
Sun’iy intellekt va texnologik ishonch
Muhim yangilik sifatida Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi. Prezident yangi texnologiyalarni qo‘llash sohasida tajriba almashish va umumiy tavsiyalar ishlab chiqish uchun OHICHK doirasida ekspertlar maydoni tuzishni taklif qildi.
Ushbu tashabbus bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bir necha vazifani hal etishga qaratilgan: raqamli tizimlar xavfsizligini ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, texnologik tengsizlik xavfini kamaytirish va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish uchun sharoit yaratish.
Tashabbusning amaliy natijalari qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, mutaxassislar tayyorlash, texnologik yechimlar almashish va raqamli tartibga solish bo‘yicha milliy yondashuvlarni bosqichma-bosqich yaqinlashtirishdan iborat.
Keyingi muhim yo‘nalish Iqlim barqarorligi sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklifidir. Bu tashabbus suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, yashil energetikani rivojlantirish va doimiy ekologik monitoring tashkil etish sohalaridagi hamkorlik kengayishini nazarda tutadi. Iqlim o‘zgarishi suv resurslari tanqisligini kuchaytirayotgan va qishloq xo‘jaligi uchun xavfni oshirayotgan Markaziy Osiyo uchun bu tashabbus strategik ahamiyatga ega.
Shuningdek, Prezidentimiz inson salohiyatini rivojlantirish, yoshlar va ayollar imkoniyatini kengaytirish, sifatli ta’limni ta’minlash hamda raqamli davrda inson huquqini himoya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2027-yil Inson salohiyatini rivojlantirish forumini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Forum qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv, raqamli savodxonlik va iqtisodiyotning yangi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qilish maydoniga aylanishi kutilyapti.
Boku sammitining aniq natijalari
OHICHK sammiti qator muhim qarorlar qabul qilinishi bilan yakunlandi. Jumladan, 2026-yil 15-oktabrda Boku deklaratsiyasi, Laosning OHICHKga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qaror, xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot, shuningdek tashkilotga raislik va rahbarlikka oid tashkiliy qarorlar tasdiqlandi.
Mazkur qarorlar tashkilotning institutsional jihatdan yanada mustahkamlanayotgani, faoliyat geografiyasi kengayib borayotganidan dalolat.
O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar respublikamiz zamonaviy mintaqaviy hamkorlik tizimini shakllantirishdagi rolini mustahkamlashga intilayotganini aks ettiradi.
Xullas, Prezident Shavkat Mirziyoyevning OHICHK sammitidagi nutqi O‘zbekistonning ko‘p tomonlama diplomatiyaga sodiqligi, xalqaro ishonchni mustahkamlash va umumiy muammolarga amaliy yechimlar izlashga intilishini namoyon etdi. Tashabbuslarning kelgusida amalga oshirilishi OHICHKni yanada samarali hamkorlik mexanizmiga aylantirish, shuningdek butun Osiyo hududida barqaror rivojlanish va xavfsizlikni ta’minlashda Markaziy Osiyoning rolini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Go‘zal Sattorova tayyorladi.
O‘zA