Muhiddinxo‘ja Xo‘jayevning armonli umri
Qatag‘on qurbonlari
Tarixning qora sahifalarida shunday taqdirlar borki, ularni o‘qib, inson umrining qadri va haqiqatning bahosi haqida chuqur o‘yga tolasan. Muhiddinxo‘ja Xo‘jayev 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘olonida hibsga olingan otasini o‘limdan qutqarish ilinjida jadidchilik harakatiga kirib keldi. Biroq xalq vakili sifatida mas’uliyatli vazifalarni bajargan, oilasi va orzu-umidlari bilan yashagan bu insonning o‘zi qatag‘on girdobiga tushdi. Oradan yillar o‘tib oqlangan uning qismati bugun ham tarixiy xotira va adolat haqida o‘ylashga undaydi.
Suratga tikilib qolasiz. Unda hali o‘ttiz yoshga ham to‘lmagan yigitning jiddiy, biroz o‘ychan chehrasi aks etgan. Peshonasi ochiq, lablari jips, nigohida esa go‘yo uzoqdan kelayotgan bir savol bor. Uning ko‘zlarida bir davrning iztirobi, aytilmay qolgan gaplar va ro‘yobga chiqmagan orzular mujassamdek.
Bu chehraga qarab, uning qismati shunchalar ayanchli kechganiga ishonish qiyin. Axir, suratdagi yigit hayotga endigina qadam qo‘yayotgan, oldida hali uzun yo‘l, ro‘yobga chiqishi kerak bo‘lgan qancha orzu-umidlar turgan yoshda edi. Ammo tarix ba’zan insonga umrni emas, sinovni o‘lchab beradi.
Muhiddinxo‘ja Xo‘jayev 1898-yilda Jizzaxning Toshkentlik mahallasida, yirik savdogar Nuriddinxo‘ja Ma’rufxo‘jayev xonadonida dunyoga keldi. Otasi madrasa ta’limini puxta egallagan, diyonatli va el orasida obro‘-e’tibor qozongan inson edi. Xonadonida ilm-ma’rifat, tarbiya va odamiylik qadrlanardi. Muhiddinxo‘ja dastlab jadid maktabida, keyin rus-tuzem maktabida o‘qidi, 1914-yildan esa Jizzax real maktabida tahsilni davom ettirdi.
Biroq uning yoshligi mamlakat hayotidagi keskin o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri keldi. 1916-yilda mardikorlikka olish siyosatiga qarshi boshlangan xalq qo‘zg‘oloni Jizzax va uning atrofidagi ko‘plab xonadonlar taqdirini o‘zgartirdi. Qo‘zg‘olonda ishtirok etgani uchun Muhiddinxo‘janing otasi ham hibsga olindi. Otasini qutqarish istagi yosh yigitni siyosiy jarayonlarga yaqinlashtirdi. Keyinchalik u “Yosh buxoroliklar” harakatiga qo‘shilib, Fayzulla Xo‘jayev va uning safdoshlari bilan birga Buxorodagi demokratik o‘zgarishlar tarafdori bo‘lgan kurashlarda ishtirok etdi.
Shu tariqa kechagina otasini qutqarish yo‘lini izlagan yigitning o‘zi katta siyosiy voqealar girdobiga kirib bordi.
Muhiddinxo‘janing mehnat va davlat xizmatidagi faoliyati ham davrning murakkab kechinmalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi. 1918-yilda Jizzax uyezd davlat savdosida ish boshladi, keyin Sangzor volostida oziq-ovqat mahsulotlarini taqsimlash bo‘limi inspektori bo‘lib xizmat qildi. 1920-1921-yillarda shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari, 1921-1923-yillarda shahar militsiyasi boshlig‘i, 1923-1924-yillarda uyezd ijroiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, 1924-1926-yillarda esa Jizzax shahar ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. Bu vazifalar ortida xalq hayotining turli jabhalari, osoyishtalikni ta’minlash va yangi tuzum sharoitida mas’uliyatni zimmaga olishdek murakkab vazifalar turardi.

1928-yilda u o‘sha vaqtdagi respublika rahbariyati tomonidan Samarqandga chaqirilib, Fayzulla Xo‘jayevga yordamchi etib tayinlandi. Poytaxt Toshkentga ko‘chirilgach, uning oilasi ham yangi poytaxtga ko‘chib keldi.
Muhiddinxo‘janing shaxsiy hayotida ham o‘z mehnati, tashvishi va orzulari bilan yashagan bir oila bor edi. Turmush o‘rtog‘i Bibisora chevarlik qilar, “Zinger” tikuv mashinasida zamonaviy liboslar tikar, “Qizil tong” tikuvchilik korxonasida mehnat qilib, boshqa xotin-qizlarga ham kasb sirlarini o‘rgatardi. Xonadonda bolalarning kulgusi, ro‘zg‘or tashvishlari, ertangi kunga ishonch bor edi. Biroq qatag‘on davri insonning nafaqat bugunini, balki kelajakka bo‘lgan ishonchini ham tortib olishi mumkin edi.
1931-yilda O‘rta Osiyo meva-sabzavotchilik boshqarmasida inspektor bo‘lib ishlayotgan Muhiddinxo‘ja hibsga olindi. Unga Baumanning uyiga hujum uyushtirish bilan bog‘liq ayblov qo‘yildi. Ammo tarixchi Bahrom Irzayev keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ishning zamiri 1922-yil bahorida Muhiddinxo‘ja xonadonida Samarqanddan kelgan turk ofitseri Savurbey afandi sharafiga o‘tkazilgan ziyofat bilan bog‘liq edi. Unda Orifjon Olimjonov va bir qator jizzaxlik ziyolilar ham qatnashgan.
Bir vaqtlar mehmonlar jam bo‘lgan dasturxon atrofidagi uchrashuv yillar o‘tib tergov hujjatlarida ayblovga aylandi. Insonning butun umri, mehnati va orzu-umidlari bir necha satrga sig‘dirildi.
– Muhiddinxo‘ja Xo‘jayevning taqdirini faqat mansablar ro‘yxati yoki siyosiy voqealar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning hayotida davrning butun ziddiyati mujassam. Oilasidagi ma’naviy muhit, otasining taqdiri va jamiyatdagi o‘zgarishlar uning hayot yo‘lini belgilagan, – deydi Jizzax davlat pedagogika universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori Baxtigul Ergasheva.
1932-yil 14-oktabrda OGPUning O‘rta Osiyo bo‘limi Muhiddinxo‘ja Xo‘jayevni o‘n yillik mehnat-tuzatish lageriga hukm qildi. U atigi 43 yoshda edi. Hali farzandlarining ulg‘ayganini ko‘rishi, umr yo‘ldoshi bilan birga hayot kechirishi, qancha ezgu niyatlarini amalga oshirishi mumkin edi. Ammo 1941-yil 15-martda uning umri lagerda uzildi.
Fojia esa shu bilan tugamadi. “Xalq dushmanining xotini” degan tamg‘a Bibisoraning ham hayotini ostin-ustun qildi. U ishidan bo‘shatildi, oilaviy uy musodara etildi. Farzandlari bilan boshpanasiz qolgan ayol tashlandiq vagonda yashashga, keyin jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib mehnat qilishga majbur bo‘ldi. Urush va ocharchilik yillaridagi mashaqqatlar orasida Bibisora 1945-yilda vafot etdi. Bir oilaning ikki tayanchi tarixning shafqatsiz zarbasi ostida birin-ketin so‘ndi.

Oradan yillar o‘tdi. 1974-yil 8-oktabrda Muhiddinxo‘ja Xo‘jayev do‘sti Orifjon Olimjonov bilan birga oqlandi. Haqiqatning tiklanishi tarixiy adolatning qaror topishi edi, ammo u yo‘qotilgan umrni, musodara qilingan uyni, yetim qolgan bolalikni va oila boshiga tushgan kulfatlarni ortga qaytara olmasdi.
– Oqlov o‘tmishdagi yo‘qotishlarni qaytarib berolmaydi, lekin haqiqatning qayta tiklanganini anglatadi. Bugun bunday insonlarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, nomlarini tiklash orqali tarixdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va yosh avlodga o‘tmishning achchiq saboqlarini yetkazish ahamiyatlidir, – deydi Baxtigul Ergasheva.
Suratdagi chehraga yana bir bor qaraymiz. Endi u shunchaki tarixiy surat emas, balki bir insonning armonga aylangan umri, parokanda bo‘lgan oilasi va butun bir davr fojiasining timsoli bo‘lib ko‘rinadi. Muhiddinxo‘ja Xo‘jayev jadid maktabida ta’lim olgan yosh yigit, otasini qutqarishga intilgan farzand, davlat xizmatida mas’uliyatli vazifalarni bajargan rahbar, Bibisoraning umr yo‘ldoshi va farzandlarining otasi edi. Keyin esa asossiz siyosiy ayblovlar girdobiga tushgan minglab insonlardan biriga aylandi.
Uning qismatida o‘tgan asr boshlaridagi Jizzax hayoti, ma’rifatga intilish, yangilanish orzusi va inson taqdirining siyosiy gumon oldida nechog‘lik ojiz qolishi mujassam. Shu bois bugun uning nomini yodga olish o‘tmishni eslash bilangina cheklanmaydi. Bu inson qadrini anglash, tarix saboqlarini unutmaslik va haqiqatni asrash mas’uliyatidir.
Hujjatlar, tarix va uning oilasi boshidan kechirgan fojia bizga bir haqiqatni eslatib turadi: qatag‘on yillaridagi ayblov insonning taqdirini o‘zgartirishi mumkin, lekin haqiqatni abadiy yo‘q qila olmaydi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri