O‘zbekistonlik yoshlar Xalqaro standartlar olimpiadasida ishtirok etmoqda
Janubiy Koreya Respublikasida 21-Xalqaro standartlar olimpiadasi o‘z ishini boshladi.
Olimpiada dunyoning turli mamlakatlaridan o‘rta maktab o‘quvchilarini bir maydonda jamlaydigan nufuzli intellektual musobaqalardan biri hisoblanadi. U 2014-yilda sinov tariqasida xalqaro miqyosda tashkil etilgan bo‘lib, 2015-yildan boshlab rasmiy xalqaro olimpiada (ISO – International Standards Olympiad) sifatida muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Nufuzli xalqaro intellektual musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz yoshlari O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas’ullari hamrohligida mazkur olimpiadada o‘z bilim va salohiyatini namoyish etmoqda.
Musobaqa ishtirokchilarining standartlashtirish sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish bilan bir qatorda, ularda innovatsion yondashuv, ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, olimpiada yoshlar o‘rtasida xalqaro tajriba almashinuvini rivojlantirish, turli mamlakatlar vakillari bilan muloqot qilish hamda standartlarning zamonaviy hayotdagi ahamiyatini chuqurroq anglash uchun muhim maydon hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik yoshlar joriy yilda Xalqaro standartlar olimpiadasida uchinchi bor ishtirok etmoqda. Bu esa mamlakatimizda yoshlarni standartlashtirish sohasiga keng jalb etish, ularning intellektual salohiyati va zamonaviy bilimlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA