O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi 80 trillion so‘mni tashkil etdi
Iqtisodiyotda rasmiy statistikadan tashqarida qolayotgan faoliyat hajmining kattaligi mamlakatdagi biznes muhiti, bandlik va soliq bazasini kengaytirish masalalarini yana bir bor kun tartibiga chiqarmoqda.
Iqtisodiyotning haqiqiy ko‘lamini baholashda faqat rasmiy hisobotlar bilan cheklanib qolish yetarli emas. Aholining uy xo‘jaligidagi ishlab chiqarish faoliyati, o‘zini o‘zi band qilish, ayrim xizmatlar, norasmiy mehnat munosabatlari va yashirin iqtisodiy operatsiyalar ham mamlakatda yaratilayotgan qo‘shilgan qiymatning bir qismini shakllantiradi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati 245,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 22,9 foiziga teng.
Boshqacha aytganda, mamlakat iqtisodiyotida yaratilgan har 100 so‘mlik qo‘shilgan qiymatning qariyb 23 so‘mi kuzatilmaydigan iqtisodiyot hisobiga to‘g‘ri kelgan. Kuzatilmaydigan iqtisodiyot tarkibini tahlil qilganda muhim jihat ko‘zga tashlanadi. Uning katta qismi bevosita yashirin iqtisodiyot emas. Jumladan, yanvar–iyun oylarida uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati 165,5 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu YAIMning 15,4 foiziga teng.
Yashirin iqtisodiyot hajmi esa 80 trillion so‘m bo‘lib, uning YAIMdagi ulushi 7,5 foizni tashkil etgan. Demak, kuzatilmaydigan iqtisodiyotning qariyb uchdan ikki qismi uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hisobiga shakllangan. Bu esa iqtisodiy faollikning katta qismi kichik, tarqoq va ba’zan rasmiy hisobga to‘liq kiritilmaydigan sub’ektlar hisobiga amalga oshirilayotganini anglatadi.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyot tarkibidagi faoliyat turlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar ham e’tiborga molik. Uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hamda yashirin iqtisodiyot hajmi tarkibida, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi — 60,5 foiz, xizmatlar sohasi 23 foiz, qurilish 17,8 foiz, sanoat 6,7 foizni tashkil etadi.
Eng yuqori ulushning qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri kelishi bejiz emas. Qishloq joylarda aholi tomorqa xo‘jaligi, chorvachilik, parrandachilik, dehqonchilik va boshqa faoliyat turlari orqali daromad oladi. Bunday faoliyatning muayyan qismi bozor munosabatlariga kirishsa-da, uning iqtisodiy natijalari rasmiy statistikada to‘liq aks etmasligi mumkin. Bu holatni faqat «yashirin iqtisodiyot» sifatida baholash ham to‘g‘ri emas. Chunki uy xo‘jaliklarining shaxsiy iste’mol uchun mahsulot yetishtirishi yoki kichik hajmdagi faoliyati bilan qasddan daromadni yashirish o‘rtasida katta farq bor.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotda xizmatlar sohasining 23 foizlik ulushi ham alohida tahlilni talab qiladi. Bugungi kunda maishiy xizmat, ta’lim, ta’mirlash, tashish, kurerlik, raqamli xizmatlar, umumiy ovqatlanish va boshqa yo‘nalishlarda minglab fuqarolar daromad topmoqda. Ayrim hollarda bunday faoliyatning rasmiylashmagani soliq yukidan qochish istagi bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa hollarda fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tish, hisob yuritish yoki qonuniy ishlash mexanizmlaridan yetarlicha xabardor emasligi sabab bo‘lishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, iqtisodiyotni rasmiylashtirishning eng samarali yo‘li faqat nazoratni kuchaytirish emas. Biznesni qonuniy ishlashga qiziqtiradigan sodda soliq mexanizmlari, raqamli xizmatlar, yengil ro‘yxatdan o‘tish tartiblari va qulay moliyaviy infratuzilma ham muhim ahamiyatga ega. Qurilish sohasining 17,8 foizlik ulushi esa mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish nuqtai nazaridan muhim.
Qurilishda mavsumiy va vaqtinchalik ishchilar, kichik pudratchilar, ustalar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ko‘p. Ularning barchasini rasmiy iqtisodiy munosabatlarga jalb qilish mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy sug‘urta qamrovini kengaytirish va byudjet daromadlarini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu jarayonda kichik biznes uchun ma’muriy va moliyaviy yukni haddan tashqari oshirib yubormaslik muhim. Aks holda, rasmiylashtirish o‘rniga norasmiy faoliyatga qiziqish saqlanib qolishi mumkin.
Yashirin iqtisodiyotning 80 trillion so‘mlik hajmi iqtisodiyot uchun jiddiy ko‘rsatkich. Agar ushbu faoliyatning muayyan qismi qonuniy iqtisodiy maydonga olib kirilsa, bu nafaqat soliq tushumlarini oshiradi, balki iqtisodiy statistikaning aniqligini ham yaxshilaydi. Rasmiylashtirilgan biznes bank xizmatlaridan foydalanish, kredit olish, investitsiya jalb qilish, xodimlarni rasmiy ishga qabul qilish va bozorda barqaror faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu sababli yashirin iqtisodiyotni qisqartirishni faqat byudjetga qo‘shimcha soliq tushumi sifatida emas, balki iqtisodiyotning institutsional sifatini oshirish jarayoni sifatida baholash lozim.
245,5 trillion so‘mlik ko‘rsatkich iqtisodiyotda katta «ichki zaxira» mavjudligini ko‘rsatmoqda. Biroq bu zaxirani iqtisodiyotning rasmiy qismiga aylantirish oson jarayon emas. Buning uchun bir nechta yo‘nalish muhim, kichik biznes va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun rasmiylashtirishni yanada soddalashtirish, raqamli to‘lov va hisob-kitoblarni kengaytirish, aholiga soliq va mehnat qonunchiligi bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA