O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish 32 foizga oshdi
2026-yil yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish sezilarli darajada o‘sib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga oshdi. Bu esa mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar izchil samara berayotganini ko‘rsatadi.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida yurtimizdagi yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 3 milliard 421 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 794,4 million kilovatt-soatga ko‘pdir.
Jumladan, quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 1 milliard 877 million kilovatt-soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 1 milliard 544 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Ushbu natijalar hisobiga 912 million metr kub tabiiy gaz tejaldi hamda atmosferaga qariyb 1,9 milliard tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olindi.
Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-aprel oylarida quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 2 milliard 626,6 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 1,5 milliard kilovatt-soat quyosh,1,1 milliard kilovatt-soat esa shamol energiyasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 4 million xonadonning to‘rt oylik yoki 1,4 million xonadonning bir yillik iste’molini ta’minlash imkonini bermoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA