O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarning 37 foizi markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan
O‘zbekistonda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish hamda energiya resurslaridan samarali foydalanish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uy-joylarni markazlashgan issiqlik bilan ta’minlash tizimini yangilash bugun nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy va ekologik jihatdan ham dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatda kommunal xizmatlar sifati va barqarorligini oshirishga qaratilgan islohotlar doirasida issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish, eski infratuzilmani yangilash va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Issiqlikta’minoti” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda respublika bo‘yicha 1 million 608 mingdan ortiq xonadon yoki 45 ming 663 ta ko‘p qavatli uy mavjud. Shulardan 761 mingdan ziyod xonadon, ya’ni 16 ming 610 ta ko‘p qavatli uy markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulangan. Bu umumiy ko‘rsatkichning 37 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, mamlakat bo‘yicha 2 ming 543 ta ijtimoiy soha ob’ekti — maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxonalar va boshqa tashkilotlar ham markazlashgan issiqlik bilan ta’minlanmoqda.

Bu raqamlar tarmoq muayyan darajada rivojlanayotganini ko‘rsatsa-da, qamrov hali yetarli emasligini ham anglatadi. Ayniqsa, ayrim hududlarda ko‘p qavatli uylarning avtonom isitish tizimlariga o‘tib ketgani energiya resurslari sarfining ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Hozirgi kunda hududiy issiqlik ta’minoti korxonalari tasarrufida 560 ta qozonxona hamda 4 089,4 kilometr issiqlik tarmog‘i mavjud. Ulardan 525 tasi va 3 710 kilometr issiqlik tarmog‘i amalda foydalanilmoqda.
Tarmoqlardagi asosiy muammolardan biri quvur va uskunalarning katta qismi ma’nan va jismonan eskirganidir. Natijada issiqlik energiyasining ma’lum qismi iste’molchiga yetib bormasdan yo‘qotilmoqda. Bu esa tizim samaradorligining pasayishi, ekspluatatsiya xarajatlarining ortishi va xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ayrim hududlarda qish mavsumida issiqlik bosimining yetarli emasligi yoki ta’minotda uzilishlar kuzatilayotgani ham aholi murojaatlarida tez-tez tilga olinadi. Tahlillarga ko‘ra, bunday holatlar asosan eski quvurlar, energiya tejamkor uskunalarning yetishmasligi hamda tarmoqlarning uzoq yillar davomida kapital ta’mirlanmagani bilan bog‘liq.

So‘nggi yillarda sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va energiya tejamkorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, issiqlik ta’minoti tizimini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish, eski issiqlik tarmoqlarini almashtirish, kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, raqamli hisob-kitob tizimlarini kengaytirish, xususiy investorlarni jalb qilish kabi vazifalar belgilab berilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kogeneratsiya texnologiyalari orqali bir vaqtning o‘zida ham elektr, ham issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa yoqilg‘i sarfini qisqartirish va tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, tizim tashkilotlari tomonidan 1 million 380,7 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan, aholiga — 1 million 102,6 ming Gkal, yuridik iste’molchilarga — 278,1 ming Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berilgan.

Bu raqamlar mamlakatda, ayniqsa qish oylarida issiqlikka bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shu bois tarmoq barqarorligini ta’minlash, energiya yo‘qotishlarini qisqartirish va xizmat sifatini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA