O‘zbekistonda 5 ta sel-suv ombori quriladi
Mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari taqchilligining oldini olish, sel va toshqin suvlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish hamda ulardan qishloq xo‘jaligida unumli foydalanish borasida muhim tizimli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Xususan, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va yangi gidrotexnik inshootlarni barpo etish orqali hududlarning suv ta’minotini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilyapti.
Shu maqsadda, joriy yilning 25-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan 2027–2030-yillarda quriladigan sel-suv omborlarining manzilli dasturi tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra, 2027-yildan boshlab respublika hududlarida 5 ta yangi sel-suv omborini qurish ishlari boshlanadi.
Ushbu yirik loyihalarning ishga tushirilishi hisobiga Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yer maydonlarining suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Bundan tashqari, sel suvlarini yig‘ish orqali Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar hamda Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi. Qarorda belgilanishicha, sel-suv ombori va uning inshootlari, karerlar hamda qurilish maydoniga tushgan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladi. Bunda jarayon davomida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan barcha mulkiy zararlar qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan to‘liq qoplab berilishi kafolatlanadi.
Hamroz Bayonov, O‘zA