Amir Temur davrining yozma manbaalari (+видео)
Ushbu material tarix fanlari doktori, professor Omonulla Bo‘riyevning tadqiqotlari va fikrlari asosida tayyorlandi.
Amir Temur haqida juda ko‘p ma’lumotlar mavjud. Ularning ayrimlari tarixiy manbalarga asoslangan bo‘lsa, ba’zilari vaqt o‘tishi bilan shakllangan afsona va noto‘g‘ri talqinlardan iborat. Masalan, Amir Temur 1395-yilda Samarqandda vafot etgan degan ma’lumot uchrasa siz buning yolg’on ekanligini bilasiz. Chunki, tarixiy manbalarda uning aslida 1405-yilda Xitoy yurishi vaqtida O‘trorda vafot etgani qayd etiladi. Bu esa bir savolni yuzaga chiqaradi: tarixiy ma’lumotlarning asl manbasi qaysi va ular qanchalik ishonchli?
Tarixni, ayniqsa Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o‘zgartirish oson emas edi. Chunki Temuriy hukmdorlar amalga oshirgan ishlari, harbiy yurishlari va siyosiy faoliyatini yozma manbalarda qayd etishni davlat siyosati darajasiga ko‘targan. Shu sababli Amir Temur haqidagi ko‘plab tarixiy asarlar bugungi kunda ham asosiy manba sifatida qadrlanadi.
Temuriylar davrida tarixiy yozuvlar qanday yuritilgan?
1370-yilda Balx jangida Amir Temur Balx hokimi va sobiq ittifoqchisi Amir Husayn ustidan g‘alaba qozonadi. Shundan so‘ng Balxda katta qurultoy o‘tkazilib, Amir Temur rasman Turon amiri deb e’lon qilinadi hamda Samarqand Temuriylar davlatining poytaxtiga aylantiriladi.
Qurultoydan keyin Amir devoni tashkil etilib, davlat boshqaruvidagi lavozimlar qayta taqsimlanadi. Ana shu tizimda devonning yozuv ishlari bilan shug‘ullanuvchi alohida guruh faoliyat yuritgan. Ular Amir Temurning harbiy yurishlari, bunyodkorlik ishlari va farmonlarini turkiy hamda forsiy tillarda muntazam ravishda solnomalarga qayd etib borgan.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si
1401-yilda Amir Temur Bag‘dodga yurish qilganida o‘sha davrning mashhur olimlaridan Nizomiddin Shomiy bilan uchrashadi. Sohibqiron unga Temuriylar davlati tarixini yozish vazifasini topshiradi.
Nizomiddin Shomiy umrining oxirigacha Amir Temur xizmatida bo‘lib, mashhur “Zafarnoma” asarini yaratadi. Asarda Markaziy Osiyo, Oltin O‘rda, Ozarbayjon, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Misr va Turkiya hududlaridagi tarixiy voqealar, ayniqsa Amir Temur hukmronligi davri batafsil yoritilgan.
Asarning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, muallif ko‘plab ma’lumotlarni Amir Temurning shaxsan o‘zidan eshitib yozib olgan. Shu sababli “Zafarnoma” keyingi asrlarda yaratilgan ko‘plab tarixiy asarlar uchun asosiy manbalardan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Jumladan, Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majmai bahrayn” asari, Mirxondning “Ravzat us-safo”si hamda Xondamirning “Habib us-siyar” asarlarida Shomiyning ma’lumotlaridan keng foydalanilgan.
Sharofiddin Ali Yazdiy asari nega eng ishonchli manbalardan biri?
1419-yilda Amir Temurning nabirasi Ibrohim Sulton bobosi haqida mukammal tarixiy asar yozdirishga qaror qiladi. U Temur haqidagi barcha turkiy va forsiy yozma manbalarni yig‘ish haqida farmon beradi va ushbu materiallarni tartibga solish vazifasini Sharofiddin Ali Yazdiyga topshiradi.
Ma’lumotlarni tekshirish jarayoni nihoyatda puxta tashkil etilgan edi. Ibrohim Sulton tarixchilarni uch guruhga ajratadi:
turkiy tarixchilar;
forsiy tarixchilar;
Amir Temur davriga shaxsan guvoh bo‘lgan kishilar.
Har bir voqea bir necha manba orqali solishtirilgan. Agar ayrim ma’lumotlar o‘zaro mos kelmasa, qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilib, boshqa shaharlarga choparlar yuborilgan va voqealarning yangi guvohlari topilgan. Faqat barcha ma’lumotlar mos kelgandan keyingina ular yakuniy matnga kiritilgan.
Natijada “Muqaddima” va “Zafarnoma” qismlaridan iborat yirik tarixiy asar yuzaga kelgan. Dastlab “Fathnoma” yoki “Fathnomayi Temuriy” deb atalgan bu asar keyinchalik “Zafarnoma” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
Rui Gonsales de Klavixo kundaligi
Temuriylar davlati Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismini nazorat qilgani sababli Sharq va G‘arb davlatlari bilan faol diplomatik aloqalar olib borgan. Shu bois Amir Temur saroyiga ko‘plab elchilar, savdogarlar va sayyohlar tashrif buyurgan.
Ular orasida ispaniyalik elchi va sayyoh Rui Gonsales de Klavixo alohida o‘rin tutadi. Uning “Samarqandga Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” asari Temuriylar davri haqidagi eng muhim xorijiy manbalardan biri hisoblanadi.
Klavixo o‘z kundaligida Amir Temurning xorijiy elchilarga bo‘lgan munosabati, saroy marosimlari, Samarqandning boyligi va davlatning xalqaro savdo aloqalari haqida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
U Movarounnahr aholisi haqida shunday yozadi:
“Chig‘atoyilar mehnatsevar, mohir chavandoz, kamon otuvchi mergan, umuman urushda sabot-matonatli xalq. Issiq va sovuqda, ochlik va tashnalikka jahondagi boshqa ellardan sabotliroq va chidamliroq xalq. . Borida goʻshtni haddan ortiq isteʼmol qiladi, yoʻgʻida suvga qatiq qoʻshib qaynatib ichish bilan kifoyalanadi”.
Samarqand haqida esa quyidagi fikrlarni bildiradi:
“Bu yurt don-dun, may, meva-cheva, parranda goʻshti, (boshqa) har xil goʻsht, qoʻyingki, hamma narsaga boydir... bir juft semiz qoʻyning narxi bir dukat. Shu yili (1404-yil) iyun oyida Xonbaliq shahridan qariyb 800 tuyadan tashkil topgan savdo karvoni Samarqandga keldi”. O‘sha paytlarda Xitoy poytaxti Xonbaliq deb nomlanar edi.
Klavixoning kundaligi ikki asosiy davrni qamrab oladi: uning Kastiliyadan Samarqandgacha bo‘lgan uzoq sayohati hamda Amir Temur saroyidagi kuzatuvlari. Ushbu safar Kastiliya va Temuriylar davlati o‘rtasidagi diplomatik aloqalar tarixida muhim voqea bo‘lib qolgan.
Hatto 2025-yilda Andalusiya merosi jamg‘armasi tomonidan Granada shahrida Klavixoning Samarqand safari va elchilik faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ham tashkil etilgan.
Xulosa
Amir Temur davri haqida faqat bir yoki ikkita emas, balki o‘nlab tarixiy manbalar mavjud. Ularning aksariyati voqealarning bevosita guvohlari yoki o‘sha davr tarixchilari tomonidan yozilgan. Shu sababli Amir Temur haqida tarqalgan turli afsona va miflarga emas, balki ishonchli tarixiy manbalarga tayanish muhim hisoblanadi.
Tarixiy haqiqatni anglash uchun har bir ma’lumotni manbalar asosida tekshirish, fakt-cheking qilish va ilmiy yondashuvga amal qilish zarur.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/2rfp_M_WIe4" title=" Amir Temur davrining yozma manbaalari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>