O‘zbekiston yarim yilda 60 million dollarlik mayiz eksport qildi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish nafaqat agrar sektor, balki valyuta tushumi, qishloq joylarda bandlik va qayta ishlash sanoati uchun ham muhim iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Mayiz eksportidagi so‘nggi natijalar esa bu mahsulot mamlakatning eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 57 ta davlatga 47,7 ming tonna mayiz eksport qilib, 60 million dollarlik valyuta tushumini ta’minlagan. Eksport hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 704,5 tonnaga oshgani ham tashqi talab saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Bu yerda e’tiborli jihat, eksport hajmi bilan birga uning geografiyasi kengayib borayotgani. Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya va Turkiya asosiy xaridorlar qatorida. Shu bilan birga, BAA, Germaniya, Braziliya kabi bozorlarga ham mahsulot yetkazib berilmoqda. Demak, o‘zbek mayizi uchun talab faqat an’anaviy mintaqaviy bozorlar bilan cheklanib qolmayapti.
2026-yilning birinchi yarmidagi ko‘rsatkichlar asosida hisoblaganda, eksport qilingan mayizning o‘rtacha qiymati bir tonna uchun qariyb 1 258 dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich mayizni xom uzumga nisbatan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan mahsulot sifatida baholash imkonini beradi.
Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda, mayiz eksportida hajmning o‘sishi ijobiy ko‘rsatkich. Ammo uzoq muddatli samara uchun asosiy vazifa — tonnajni ko‘paytirish emas, bir tonna mahsulotdan olinadigan eksport tushumini oshirish. Buning uchun mahsulotni saralash, standartlashtirish, zamonaviy quritish texnologiyalarini joriy etish, qadoqlash va brendlashni rivojlantirish muhim. Masalan, oddiy mayiz o‘rniga xalqaro bozor talablariga mos qadoqlangan, sertifikatlangan va muayyan brend ostidagi mahsulot eksport qilinsa, uning qiymati sezilarli darajada oshishi mumkin.
Shu jihatdan mayizchilikning iqtisodiy zanjiri uzum yetishtirish → quritish → saralash → qayta ishlash → qadoqlash → eksport shaklida rivojlantirilsa, daromadning katta qismi qishloq xo‘jaligi xomashyosini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi mahalliy korxonalarda qoladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA