Farg‘ona NQIZda aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi oshirildi
Aviatsiya transportining barqaror ishlashida sifatli yoqilg‘i ta’minoti muhim ahamiyatga ega. Shu bois mahalliy korxonalarda zamonaviy talablarga javob beradigan aviakerosin ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ham bu yo‘nalishda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari oshirilgan. Zavod axborot xizmatining ma’lum qilishicha, avgust oyida rejalashtirilgan 7,8 ming tonna o‘rniga 11,2 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarilgan. Natijada oylik reja 143,6 foizga bajarilgan.
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida zavodda 15,8 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarilgan bo‘lsa, avgust oyidagi hajm o‘rtacha oylik ko‘rsatkichga nisbatan besh barobarga oshgan.
Korxonada sintetik GTL kerosinidan foydalangan holda JET A-1 rusumli aviakerosin ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va kvalifikatsion sinovlar ham yakunlangan. Mahsulotni ishlab chiqarish uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlar olingan.
Ishlab chiqarish hajmi oshirilgani inobatga olinib, yillik maqsadli ko‘rsatkich 74,0 ming tonnadan 85,6 ming tonnaga ko‘tarilgan. Bu dastlabki rejadan 11,6 ming tonna yoki 15,7 foizga ko‘p.
Korxona hisob-kitoblariga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmining oshirilishi mahsulot realizatsiyasidan qo‘shimcha 164 milliard so‘m daromad olish imkonini beradi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA