O‘zbekiston-Xitoy: Ta’lim va ilm-fandagi strategik hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu muhim aloqalar ikki davlat kelajagi uchun qanday imkoniyatlar yaratadi?
Bugungi shiddat bilan transformatsiyalashayotgan global dunyoda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik shunchaki tajriba almashish maydoni bo‘lib qolmayapti, balki yangi intellektual va madaniy fenomenlarni shakllantirishning muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi tarixiy bosqichga qadam qo‘yayotgan bugungi sharoitda ilm-fan va oliy ta’lim sohasidagi xalqarolashuv jarayonlari ham mazmun va sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilmoqda.
Ana shunday sharoitda mamlakatlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xitoyshunoslik oliy maktabi boshlig‘i Feruza Hasanova ikki davlatning ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Darhaqiqat, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik bugun ta’lim sohasida ham o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Mazkur yo‘nalishdagi muhim qadamlardan biri sifatida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva boshchiligidagi delegatsiyaning 2026-yil 5-10-iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Lyaonin provinsiyasiga amalga oshirgan xizmat safarini alohida ta’kidlash lozim. Ushbu tashrif nafaqat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamda ilmiy muloqotni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqealardan biri sifatida ahamiyat kasb etdi.

Safarning dastlabki kunidanoq o‘zaro manfaatli kelishuvlar uchun mustahkam poydevor yaratildi. Jumladan, TDSHU delegatsiyasi vakillari Lyaonin pedagogika universiteti rahbariyati bilan uchrashib, istiqboldagi yirik loyihalardan biri - O‘zbekiston-Xitoy sivilizatsiyalararo o‘zaro tadqiqot markazining ochilishi bilan bog‘liq tashkiliy va muvofiqlashtirish ishlarini muhokama qildi. Muzokaralar davomida bo‘lajak markazning konseptual faoliyat yo‘nalishlari va ilmiy hamkorlik platformasining ustuvor vazifalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Natijada mazkur markaz Ipak yo‘li sivilizatsiyasi kontekstida ikki davlatning tarixiy-madaniy aloqalarini fundamental va amaliy jihatdan tadqiq etuvchi, qo‘shma ilmiy grant va loyihalarni shakllantiruvchi muhim platforma sifatida belgilandi.

Shuningdek, ikki universitet o‘rtasidagi akademik integratsiyaning yangi bosqichini boshlab beruvchi ikkita muhim hujjat imzolandi. Jumladan, “2+2” qo‘shma ta’lim dasturini uzaytirish to‘g‘risidagi bitim iqtidorli yoshlarning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar sifatida shakllanishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Ushbu tantanali marosimda Lyaonin pedagogika universiteti Partiya qo‘mitasi kotibi, professor Lyu Xun tomonidan TDSHU delegatsiyasiga akademik va madaniy do‘stlik ramzi sifatida ilmiy kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Ta’lim sifati nafaqat akademik ko‘rsatkichlar, balki talabalar uchun yaratilgan ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Shu bois, safar davomida Lyaonin pedagogika universitetida qo‘shma dastur asosida tahsil olayotgan 3-bosqich talabalari bilan muloqotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Suhbatlar chog‘ida talabalarning ta’lim natijalari, yashash sharoiti va ijtimoiy ta’minoti muhokama qilinib, ularga zamonaviy axborot-resurs markazlari va raqamli platformalardan samarali foydalanish, ikki xalq madaniyatini bog‘lovchi intellektual ko‘prik vazifasini anglagan holda ilm yo‘lida izlanishni davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, “Xitoy-O‘zbekiston gumanitar almashinuvi va mintaqaviy sivilizatsiyalar o‘zaro tadqiqi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya ham alohida ahamiyat kasb etdi. Unda TDSHU rektori Gulchehra Rixsiyeva va prorektor Nodir Karimovga Lyaonin pedagogika universitetining “Faxriy professori” unvoni tantanali ravishda topshirildi.

Shenyan shahrida tashkil etilgan yangi shakldagi “Xalqaro Lyaonin do‘stona shaharlar forumi”da ishtirok etildi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar va diplomatik korpus vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, universitetning xalqaro ilmiy salohiyati va qo‘shma loyihalari taqdim etildi hamda yangi sheriklik aloqalari uchun asos yaratildi.
Bu kabi hamkorlikdan asosiy maqsad erishilgan kelishuvlarni sifatli va tizimli ravishda amaliyotga tatbiq etish. Xususan, “2+2” dasturi bo‘yicha saralash jarayonlarini takomillashtirish, o‘quv rejalarini modernizatsiya qilish, qo‘shma fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish hamda Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi maqolalar sonini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Lyaonin pedagogika universiteti bilan o‘rnatilgan ushbu yangi shakldagi strategik sheriklik nafaqat Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining xalqaro nufuzini oshirishga, balki mamlakatimizda keng dunyoqarashga ega yangi avlod xitoyshunos kadrlarni tayyorlashga ham munosib hissa qo‘shadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.