O‘zbekiston – Xitoy: agrar sohada hamkorlik rivojlanmoqda
Toshkent davlat agrar universitetida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida "O‘zbekistonda makkajo‘xori yetishtirishning amaliy texnologiyalari va agrar soha bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash dasturi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi agrar hamkorlik so‘nggi yillarda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, urug‘chilik, suv tejovchi texnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xitoyning Shinjon qishloq xo‘jaligi universiteti delegatsiyasi ishtirokida tashkil etilgan tadbirda tomonlar agrar sohada kadrlar salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va O‘zbekiston – Xitoy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.

Dastur doirasida makkajo‘xori yetishtirish, suvni tejovchi sug‘orish, tuproq unumdorligini oshirish, mexanizatsiya va boshqa zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Mazkur tadbirda 40 nafar o‘zbek usta-dehqonlari ham qatnashmoqda. Ular olgan bilim va tajribalarini o‘z hududlarida amaliyotga tatbiq etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA