O‘zbekiston valyuta bozorida aholi faollashdi: banklarga 12,3 mlrd. dollarlik valyuta sotildi
O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasi kengayib, xorijda ishlayotgan fuqarolardan mamlakatga kelayotgan pul oqimi sezilarli darajada oshmoqda. Shu bilan birga, aholining valyuta ayirboshlash operatsiyalaridagi faolligi ham kuchaygan. Bu jarayonlar ichki valyuta bozorida aholi shakllantirayotgan taklifning ahamiyati ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga kelib tushgan xalqaro pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd. dollarni tashkil etgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 13 foiz yoki 1,1 mlrd. dollarga ko‘p. Yarim yillik hisobda har oyga o‘rtacha 1,55 mlrd. dollar atrofida mablag‘ O‘zbekistonga kirib kelgan. Bu mablag‘lar, asosan, xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarning oila a’zolariga yuborgan pullari hisobiga shakllangan.
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hanuz an’anaviy mehnat migratsiyasi mamlakatlari — Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiyadan katta hajmda kelayotgan bo‘lsa-da, yangi yo‘nalishlarning ahamiyati oshib bormoqda. Ayniqsa, G‘arb davlatlaridan kelayotgan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’ati bilan ajralib turibdi. Hisobot davrida Buyuk Britaniyadan O‘zbekistonga kelgan pul o‘tkazmalari 62 foizga, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 27 foizga, AQSHdan esa 19 foizga oshgan.
Yevropa mamlakatlari ichida Irlandiyadan kelgan mablag‘lar 86 foizga, Litvadan 18 foizga, Niderlandiyadan esa 7 foizga ko‘paygan. Bu raqamlar muhim tendensiyani ko‘rsatadi: O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi faqat an’anaviy yo‘nalishlar bilan cheklanib qolmayapti.
Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonning tashkiliy tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha 23 ta davlat bilan 48 ta, shundan 2025–2026-yillarda 14 ta davlat bilan 18 ta hukumatlararo va idoralararo hamkorlik kelishuvlari tuzilgan. Bundan tashqari, 36 ta davlatdagi 325 dan ortiq yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Serbiya, AQSH va Yaponiya istiqbolli mehnat bozorlari qatorida ko‘rilmoqda. Ayniqsa, AQSH, Italiya, Shvetsiya, Fransiya va Sloveniyaning yangi yo‘nalish sifatida qo‘shilgani mehnat migratsiyasi geografiyasi diversifikatsiyalanayotganini anglatadi.
Joriy yilda 124,5 ming nafar fuqaro xorijda yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirilgan. Bugun 40 ga yaqin davlatda taxminan 1,4 mln. nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilayotgani ham tashqi mehnat migratsiyasining mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati qanchalik katta ekanini ko‘rsatadi.
Mehnat migratsiyasida Rossiya muhim o‘rinni saqlab qolmoqda. Mamlakatda 834,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilayotgani qayd etilgan. Shu bilan birga, Qozog‘istonda 84,4 ming, Turkiyada 72,1 ming, Janubiy Koreyada 46,4 ming, Yevropa mamlakatlarida 258 ming va boshqa davlatlarda 97,7 ming nafar yurtdoshimiz mehnat qilmoqda. E’tiborli jihati — MDH davlatlarining tashqi mehnat migratsiyasidagi ulushi 29 foizga qisqargan, Yevropa mintaqasining ulushi 42 foizga, Sharqiy Osiyo mintaqasining ulushi esa 26 foizga oshgan.
Bu o‘zgarishni faqat migratsiya oqimining geografik almashinuvi sifatida emas, balki O‘zbekiston mehnat resurslarining yuqoriroq daromadli bozorlarga chiqish jarayoni sifatida ham baholash mumkin. Yana bir muhim tendensiya — pullarni O‘zbekistonga yetkazib berish usullarining raqamlashib borayotganidir.
2026-yilning birinchi yarmida mamlakatga kelgan 9,3 mlrd. dollarlik mablag‘ning 4,3 mlrd. dollari — an’anaviy xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali, 4,8 mlrd. dollari — xorijdan bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri P2P o‘tkazmalari orqali, 142 mln. dollari — SWIFT tizimi orqali amalga oshirilgan. Ayniqsa, P2P o‘tkazmalarining 32 foizga o‘sishi diqqatga sazovor. Bu aholi orasida raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Demak, migratsiya orqali shakllanayotgan daromadlar oqimi nafaqat hajman, balki texnologik jihatdan ham o‘zgarmoqda.
Mamlakatga kelayotgan mablag‘lar hajmi katta bo‘lishi bilan birga, O‘zbekistondan xorijga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari ham o‘sgan. 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistondan chet elga 1,3 mlrd. dollar pul o‘tkazilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga yoki 100 mln. dollarga ko‘p. Shunday qilib, mamlakatga kelgan va xorijga chiqarilgan pul o‘tkazmalari o‘rtasida 8 mlrd. dollarlik ijobiy farq shakllangan. Bu farq aholi daromadlari, ichki iste’mol, jamg‘arish va valyuta bozoridagi taklif nuqtai nazaridan muhim iqtisodiy ahamiyatga ega.
Pul o‘tkazmalari bilan bir qatorda aholining valyuta ayirboshlash operatsiyalaridagi faolligi ham keskin oshgan. 2026-yilning birinchi yarmida banklar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi xorijiy valyuta oldi-sotdi operatsiyalari umumiy aylanmasi 19,1 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 31 foiz yoki 4,5 mlrd. dollarga ko‘p. Shundan banklar jismoniy shaxslardan 12,3 mlrd. dollarlik xorijiy valyutani sotib olgan. Bu bir yilda 35 foizlik o‘sishni anglatadi.
Aholiga sotilgan xorijiy valyuta hajmi esa 6,8 mlrd. dollarni tashkil etib, 26 foizga oshgan. Natijada banklar tomonidan aholidan sotib olingan valyuta hajmi aholiga sotilgan valyutadan 5,5 mlrd. dollarga ko‘p bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davrida 3,7 mlrd. dollar edi. Mazkur holatning yana bir muhim jihati aholining ichki valyuta bozoridagi sof valyuta taklifini oshirayotganidir.
Jismoniy shaxslar segmentida shakllangan sof valyuta taklifining jami valyuta ayirboshlash aylanmasiga nisbati 2025-yil birinchi yarmidagi 26 foizdan 2026-yilda 29 foizga ko‘tarilgan. Bu raqam aholining valyuta bozoridagi roli ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bunda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolardan kelayotgan mablag‘larning ichki bozorga kirib kelishi muhim omillardan biri hisoblanadi. Aholi qo‘liga kelib tushgan xorijiy valyuta keyinchalik banklarda so‘mga ayirboshlanishi natijasida ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif paydo bo‘ladi.
Aholining valyuta operatsiyalarida raqamli kanallardan foydalanishi ham sezilarli darajada kengaygan. 2026-yil birinchi yarmida valyuta ayirboshlash operatsiyalarining, 59 foizi –11,2 mlrd. dollar valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali, 39 foizi – 7,5 mlrd. dollar onlayn xizmatlar orqali, 404 mln. dollari esa 24/7 rejimida ishlovchi valyuta bankomatlari orqali amalga oshirilgan. Onlayn kanallardagi operatsiyalar hajmi bir yilda 27 foizga, valyuta bankomatlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar esa 61 foizga o‘sgan.
Bu aholining valyuta bilan bog‘liq xizmatlarda ham an’anaviy bank filiallaridan raqamli platformalarga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Global mehnat bozoridagi demografik o‘zgarishlar O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Yevropada aholining qarishi va mehnatga layoqatli aholi ulushining qisqarishi kelgusi yillarda ishchi kuchi taqchilligini kuchaytirishi kutilmoqda. Shu sababli tibbiyot, parvarishlash, muhandislik, qurilish, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi, IT, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida tashqi mehnatga talab ortishi mumkin. Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fors ko‘rfazi davlatlarida ham muayyan kasblar bo‘yicha kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston uchun mehnat migratsiyasining kelajagi faqat fuqarolarni xorijga ishga yuborish bilan cheklanmasligi kerak. Til bilimi, kasbiy malaka, raqamli ko‘nikmalar va xalqaro sertifikatlarga ega mutaxassislarni tayyorlash asosiy vazifalardan biriga aylanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, 2026-yilning birinchi yarmidagi raqamlar O‘zbekiston iqtisodiyotida tashqi mehnat migratsiyasi va pul o‘tkazmalarining ahamiyati saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bir tomondan, mamlakatga 9,3 mlrd. dollar pul o‘tkazilishi aholi daromadlari va ichki talabni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ikkinchi tomondan, ushbu mablag‘larning bir qismi valyuta bozoriga kirib, aholidan banklarga sof valyuta taklifini oshirmoqda.
Eng muhimi, migratsiya geografiyasi o‘zgaryapti, Rossiya va boshqa an’anaviy bozorlar bilan bir qatorda Yevropa, AQSH va Osiyoning rivojlangan davlatlari bilan mehnat hamkorligi kengaymoqda. Demak, kelgusi bosqichda asosiy vazifa ko‘proq migrant yuborish emas, balki yuqori daromadli xalqaro mehnat bozorlariga raqobatbardosh mutaxassislarni chiqarish bo‘lishi kerak. Bu esa uzoq muddatda pul o‘tkazmalari hajmini oshirish bilan birga, O‘zbekiston inson kapitali va eksport salohiyatini ham kuchaytirishi mumkin.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA