Arnasoyda paxta xirmoni yuksalmoqda (+video)
Jizzax viloyati Arnasoy tumani dalalarida paxta yig‘im-terimiga start berildi. Mavsum yil davomida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar, dehqon va fermerlarning mashaqqatli mehnati, texnika hamda tashkiliy imkoniyatlarning amaldagi samarasini namoyon etadigan mas’uliyatli davrdir.
Mavsum tumandagi “Arnasoy zamin shijoati” fermer xo‘jaligining paxta maydonidan boshlandi. Yil davomida ekinlarni o‘z vaqtida va sifatli parvarishlash, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan ishlar natijasida dalalarda mo‘l hosil yetildi. Endi esa asosiy vazifa – uni qisqa muddatlarda, sifatini saqlagan holda va nobudgarchiliksiz yig‘ib olish.

Bu yil Arnasoy tumanida 284 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 7200 gektar maydonga paxta yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shartnomaviy reja 34 ming 470 tonna etib belgilangan. Maydonlarning 3652 gektariga “Shinjon” usulida Xitoyning Xin Lu Zao-57 (“Xitoy-57”), XingluZao-72, Hongtai-6636 va Xin Lu Zhong-52 navlari ekilgan. Bundan tashqari, 7200 gektarning qolgan maydonida ham to‘liq xorijiy navlar qo‘shqator usulida yetishtirildi.

Katta hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish esa, avvalo, puxta tashkil etilgan texnik ta’minotni talab qiladi. Shu maqsadda mavsumga 30 ta paxta terish mashinasi, 269 ta paxta tashish texnikasi va 10 ta maxsus yuklagich texnika jalb etildi. Tumanda yetishtirilgan paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash uchun 1 ta paxta qabul qilish zavodi hamda 3 ta paxta qabul qilish maskani faoliyat ko‘rsatishi belgilangan.

Biroq terim sur’ati texnika soni bilangina belgilanmaydi. Daladan qabul maskanigacha bo‘lgan har bir bosqichning uzluksiz va aniq tashkil etilishi hosilning sifatiga bevosita ta’sir qiladi. Shu bois mavsum davomida texnika va transport vositalarining uzluksiz harakatini ta’minlash, paxtani o‘z vaqtida yetkazish bilan bir qatorda yong‘in xavfsizligi, yo‘l harakati xavfsizligi, tibbiy xizmat va dispetcherlik nazoratini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Zero, paxtachilikda yakuniy natija mehnatning barcha bo‘g‘inlari uyg‘unlashganida yaratiladi. Fermer xo‘jaliklari, terimchilar, mexanizatorlar, transportchilar va soha mas’ullarining hamjihatligi mavsumning uyushqoq va samarali o‘tishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Arnasoy dehqonlari oldida aniq maqsad turibdi: har gektar maydondan 49,9 sentner hosil ko‘tarib, 34 ming 470 tonna shartnomaviy rejani o‘z vaqtida bajarish, yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olish va qabul maskanlariga sifatli yetkazib berish.
“Paxta-2026” – Arnasoy uchun yana bir mehnat sinovi. Uning munosib natijasi esa, avvalo, uyushqoqlik, mas’uliyat va dehqon mehnatiga bog‘liq.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri