Mirzaobodda xotira kechasi bo‘lib o‘tdi
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi Dehqonobod mahallasida O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymonning uy-muzeyida «O‘lmaslikka ishora — o‘langa oshiqligim» mavzusida adabiy-badiiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va uyushmaning Sirdaryo viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli adib va shoirlar, olimlar, sirdaryolik adabiyotshunoslar, jurnalist va ijodkorlar, shoirning yaqinlari, farzandlari hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda To‘ra Sulaymon ijodining milliy adabiyotimizdagi o‘rni, shoirning xalq og‘zaki ijodi an’analari bilan yozma adabiyotni uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos uslubi, asarlarida Sirdaryo zamini, mehnatkash insonlar hayoti, milliy qadriyatlar va xalqona tilning badiiy ifodasi haqida so‘z yuritildi. Shu ma’noda, uy-muzeyda o‘tkazilgan bu uchrashuv oddiy xotira tadbiri emas, balki shoirning boy adabiy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish va kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy muloqot bo‘ldi.
Tadbir avvalida Qur’oni karim tilovat qilinib, shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi. Kechani Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov olib bordi. Professor yillar davomida To‘ra Sulaymon hayoti va ijodini izchil o‘rganib kelayotgan adabiyotshunos sifatida shoir merosiga bag‘ishlangan 7 ta kitob hamda 50 dan ortiq maqola muallifidir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Minhojiddin Mirzo To‘ra Sulaymonning serqirra ijodi, adabiyotimiz taraqqiyotidagi o‘rni va shoir xotirasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi.
— Avvalo, barchangizni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ko‘p sonli a’zolari, uyushma raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayid nomidan shu kunlarda nishonlanayotgan eng ulug‘ va eng mo‘’tabar bayramimiz — Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy tabriklayman. Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda barcha sohalar qatori adabiyot va san’atga qaratilayotgan yuksak e’tibordan barchangizning xabaringiz bor. To‘ra Sulaymon nomi bilan ataladigan ushbu go‘zal uy-muzeyning barpo etilishi ham Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasidir. Qolaversa, o‘tgan yili Prezidentimiz farmoni bilan bir qator ulug‘ ijodkorlar, adabiyot va san’at vakillari qatori ustoz To‘ra Sulaymon ham «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.
Uyushma raisining birinchi o‘rinbosari so‘zini yana davom ettirar ekan, jumladan shunday dedi: — Muhtaram Prezidentimizning adabiyot ahliga bo‘lgan e’tibori va mehrini To‘ra Sulaymon timsolida ham ko‘rish mumkin. Prezidentimiz To‘ra Sulaymon haqida shunday degan:
— O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon Sirdaryoning fidoyi farzandi, haqiqiy kuychisi edi. Nafaqat Sirdaryoda, balki butun mamlakatimizda bu ajoyib insonning nomini eshitmagan odam, ularning she’r va qo‘shiqlari kirib bormagan xonadon yo‘q desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shuningdek, ijodiy tadbirda professor Qozoqboy Yo‘ldosh, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari — shoira Zulfiya Mo‘minova, atoqli shoira Muhtarama Ulug‘ova, shoira Munojat Nurmatova, filologiya fanlari doktori, professor, taniqli adabiyotshunos olim Adhambek Alimbekov, «Sharq yulduzi» jurnali bo‘lim boshlig‘i, taniqli shoir Muhammad Ismoil, adiba, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul xodimi Dilfuza Qarshiboyeva, shoirlar Fozil Farhod, uyushma mas’ul xodimi Ahmad To‘ra, shuningdek, Sirdaryo viloyatining ko‘plab taniqli olim va ijodkorlari ishtirok etishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, inson umri nihoya topadi, ammo qalam bilan yaratilgan asarlar yashashda davom etadi. To‘ra Sulaymonning she’rlari, dostonlari va nasriy asarlari ham shoirga ana shunday bardavom umr bag‘ishlagan. Bugungi avlod zimmasidagi muhim vazifa esa bu merosni mutolaa qilish, ilmiy o‘rganish va keyingi avlodlarga yetkazishdan iborat.
[gallery-31347]
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova To‘ra Sulaymon she’riyatining xalqona ruhi va soddaligiga e’tibor qaratib, «Qiya-qiya qirlardan qiyalab kelgan men bo‘ldim» degan misralar orqali shoir tilining xalq tiliga yaqinligi, oddiy va samimiy ifoda vositalari bilan katta badiiy ma’no yuzaga chiqara olgani xususida fikr bildirdi. Bundan tashqari, tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori, filologiya fanlari doktori Adhambek Alimbekov, shoir Abdunabi Boyqo‘ziyev va boshqa ijodkorlar ham so‘zga chiqishib, To‘ra Sulaymonning adabiy merosi, inson va Vatan mavzusidagi she’rlari, xalqona uslubi hamda Sirdaryo hayotini badiiy aks ettirish mahorati haqida o‘z mulohazalarini bayon etishdi.
To‘ra Sulaymonning ijodiy taqdiri Sirdaryo zamini bilan chambarchas bog‘liq. Baxmal tumanida tug‘ilib, keyingi hayoti va ijodiy faoliyatini Mirzaobod tumanida davom ettirgan shoir Sirdaryo dalalari, qishloq hayoti, mehnatkash insonlar, urf-odat va qadriyatlarni she’riyatining asosiy manbalaridan biriga aylantirdi. Toshkent davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan ijodkor adabiyot maydonida o‘z ovozi va uslubiga ega bo‘lib, xalq qalbiga yaqin asarlari bilan tanildi.
Shoirning «Istar ko‘ngil» (1962), «Men qayga borar bo‘lsam» (1965), «Jahongashta» (1970), «Hamqishloqlarim», «Intizor» (1973), «Sirdaryo qo‘shiqlari» (1974), «Iltijo» (1976), «Alhazar» (1976), «To‘yboshi» (1977), «Sizni eslayman» (1980), «Qorako‘zginam» (1981), «Gulshan» (1988), «Sarvinoz» (1990), «Xarsang» (1994), «Jahonnoma», «Gul bir yon, chaman bir yon» (1996), «Yovqochdi» (1998), «Sayhun» (2003) kabi kitoblari adabiyotimizda munosib o‘rin egallaydi. Ko‘plab she’rlari qo‘shiqqa aylanib, xalq orasida ommalashdi.
To‘ra Sulaymon she’riyatining muhim xususiyati — xalq tiliga yaqinlik, soddalik va samimiyat bilan birga hayot haqiqatlarini ta’sirchan tasvirlay olish mahoratidir. Shoir oddiy inson taqdiri, mehnat va muhabbat, Vatan va tabiat, inson qadri va milliy tuyg‘ularni xalqona obrazlar orqali ifodaladi. Sirdaryoning dalalari, Sayhun bo‘ylari, qishloq odamlarining hayoti, mehnati, orzu-o‘ylari ijodkor qalamida o‘ziga xos badiiy qiyofa kasb etdi.
Shoirning adabiy-publitsistik merosi ham ijodiy faoliyatining muhim qismi sifatida baholanadi. Bu asarlarda zamon nafasi, inson taqdiri, yurt hayoti va xalqning ma’naviy dunyosi aks etadi. Shu bois To‘ra Sulaymon merosi bugun nafaqat adabiyotshunoslar, balki yosh avlod uchun ham muhim ma’naviy manba bo‘lib qolmoqda.
Xotira kechasida shoirning qizi Yulduz Begaliyeva oila a’zolari nomidan tadbir ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi. Uy-muzeydagi kutubxonaning ochilishi ham tadbirning muhim voqealaridan biri bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kutubxonaga 500 nomdagi badiiy adabiyotlar taqdim etildi. Bu kitoblar muzeyni To‘ra Sulaymon merosini o‘rganish va adabiy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishga xizmat qiladigan ma’naviy maskan sifatida yanada boyitadi.
Uy-muzey ilmiy xodimi Imomqul Nurov muzeyda shoirning qo‘lyozmalarini yig‘ish, tartibga solish va qo‘lbola kitoblar shaklida tayyorlash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
2005-yilda Sirdaryoda vafot etgan O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymon bugun oramizda bo‘lmasa-da, uning adabiyotdagi umri davom etmoqda. Chunki shoirning haqiqiy umri kitoblari, she’rlari, qo‘shiqlari va xalq xotirasida yashaydi. Dehqonobod mahallasidagi uy-muzey esa ana shu barhayot merosni asrash, o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilayotgan ma’naviy maskan sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA