O‘zbekiston va Qozog‘iston sanoatda ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
Davlat ekologik ekspertizasi markazida Qozog‘iston mutaxassislari ishtirokida eng yaxshi mavjud texnikalarni joriy etishning amaliy masalalari va ekologik tartibga solish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Qozog‘istonning sanoatni eng yaxshi mavjud texnikalar tamoyillari asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha tajribasi taqdim etildi. Xususan, korxonalarda texnologik audit o‘tkazish, sohalar bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, eng yaxshi mavjud texnikalar bo‘yicha ma’lumotnomalar ishlab chiqish hamda ulardan amaliyotda foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, turli sanoat tarmoqlari uchun texnologik va ekologik ko‘rsatkichlarni belgilash, ulardan korxonalarni modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishda foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekiston tomoni esa atrof-muhitga ta’sirni baholash va davlat ekologik ekspertizasi tizimini takomillashtirish, shuningdek, eng yaxshi mavjud texnikalarni joriy etishning milliy mexanizmlarini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda eng yaxshi mavjud texnikalar bo‘yicha raqamli platforma yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu loyiha doirasida yagona texnologik ma’lumotlar bazasini shakllantirish, texnikalar bo‘yicha ma’lumotnomalarni raqamlashtirish hamda korxonalarda qo‘llanilayotgan texnologiyalarni qiyosiy tahlil qilish imkoniyatlarini yaratish taklif etilmoqda. Bunday raqamli platforma texnologik jarayonlar va ekologik ko‘rsatkichlar haqidagi ma’lumotlarni bir tizimga jamlash, qarorlar qabul qilish sifatini oshirish hamda sanoatda ekologik samarali texnologiyalarni kengroq qo‘llashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, eng yaxshi mavjud texnikalarni joriy etish faqat ekologik talablarga rioya qilish vositasi emas. Bu, shuningdek, sanoatni modernizatsiya qilish, energiya va resurslardan samarali foydalanish, chiqindilar hamda oqova suvlar hajmini kamaytirish imkonini beradi. Uchrashuv “Green University” platformasida ham davom ettirilib, soha mutaxassislari va ekspertlari o‘rtasida fikr almashildi.

Qozog‘iston tajribasini o‘rganish O‘zbekistonda eng yaxshi mavjud texnikalarning milliy tizimini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Bu sanoat korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik xavflarni oldindan kamaytirish va ishlab chiqarishning atrof-muhitga ta’sirini izchil qisqartirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA