O‘zbekiston elchisi: Xonkendida shaharni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi amalga oshirilmoqda
"AzerTAJ" xabar berishicha, Xonkendi shahrida uzoq muddatli va puxta ishlab chiqilgan shaharni rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda, keng ko‘lamli tiklash va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Bu haqda mamlakatimizning Bokudagi elchisi Bahrom Ashrafxonov Ozarbayjonda ro‘yxatdan o‘tgan diplomatik korpus vakillarining ushbu shaharga tashrifi chog‘ida agentlikka bergan intervyusida ma’lum qildi.
– Har gal Xonkendida juda ko‘p ijobiy o‘zgarishlarni ko‘raman, – dedi diplomat. – Bu kentda keng ko‘lamli tiklanish va bunyodkorlik ishlari olib borilyapti. Rivojlanish yangi yo‘l, infratuzilma, ijtimoiy va madaniy majmualar barpo etilishi bilan birga kechmoqda.
Elchi Qorabog‘ universitetining ahamiyatini alohida ta’kidlab, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash hudud kelajagi uchun beqiyos ahamiyatga egaligini ta’kidladi:
– Talabalar ko‘zida uchqun ko‘ryapman. Bu juda yaxshi, mintaqa kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega.
Shuningdek, Bahrom Ashrafxonov Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabati siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida faol rivojlanayotganini ham qayd etdi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA