O‘zbekiston va Hindiston: Hamkorlik mustahkamlanyapti
Bugungi kunda O‘zbekiston – Hindiston munosabati ahamiyati Markaziy va Janubiy Osiyo transport va iqtisodiy bog‘liqligini kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, terrorizm va transmilliy tahdidga qarshi kurashish hamda o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirish bilan belgilanadi. So‘nggi yillarda oliy darajadagi tashriflar, muntazam siyosiy maslahatlashuv va yangi qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yilishi mavjud sheriklikni yanada mustahkamlab, amaliy mazmun bilan boyitdi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga bu galgi tashrifi ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yangi pog‘onaga olib chiqishi kutilyapti.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Hilola Mustapova bilan suhbatimiz ayni mavzuga bag‘ishlandi.

– Avvalo, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabat tarixiga qisqacha to‘xtalsangiz.
– O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi aloqalar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Abu Rayhon Beruniyning XI asrda ushbu mamlakatga sayohati va shu asosda “Hindiston” asari yozilishi fikrimizni tasdiqlaydi. Buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur XVI asrda “Boburnoma” asari orqali Hind diyorining mamlakatimiz bilan uyg‘unlashgan tarixini ochib bergan. Asrlar davomida ikki hudud o‘rtasida savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat va diplomatiya rivojlangan. Ayniqsa Temuriylar mavjud aloqalarni yanada faollashtirgan.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik yangi mazmun bilan boyidi, munosabat izchil rivojlanish bosqichiga o‘tdi. O‘zbekiston Hindistonga Osiyo qit’asining siyosiy, iqtisodiy sohada va inson resursi jihatidan ulkan salohiyatga ega eng yirik davlatlaridan biri, nafaqat jahon siyosatida, balki iqtisodiyotida ham muammolarni hal etishda o‘rni ortib borayotgan mamlakat sifatida qaraydi.
Zamonaviy ikki tomonlama munosabatning yangi bosqichi 1992-yil 18-martda O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilishi bilan boshlandi. Shundan buyon hamkorlik siyosiy-diplomatik muloqotdan tashqari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqa, transport-logistika, ta’lim, turizm hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarni ham qamrab olgan holda izchil rivojlanmoqda.
Xullas, iqtisodiy jihatdan tez o‘sib borayotgan Hindiston savdo, sarmoya, zamonaviy texnologiya va turizm bo‘yicha Markaziy Osiyoda, ayniqsa, O‘zbekiston bilan barqaror sherik bo‘lishi uchun mustahkam asos mavjud.
– Bugungi umumiy holat qanday siyosiy manzara kasb etgan?
– Mutaxassislar fikricha, Markaziy Osiyoda jadal amalga oshirilayotgan islohot mintaqa davlatlari hamkorligini mustahkamlash, shuningdek Hindiston bilan har tomonlama sheriklikni kuchaytirish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyat yaratmoqda. Bugun siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga davlatlar o‘rtasida 2011-yil imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot puxta zamin yaratgan.
Hozirgi munosabatni tobora amaliy va ko‘p sohali tus olib borayotgan shakl sifatida baholash mumkin.
Ikki tomonlama munosabat tizimida yuqori darajali o‘zaro ishonchga asoslangan, muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqot ustuvor ahamiyatga ega. Masalan, 2026-yil mayda ikki mamlakat tashqi siyosiy mahkamalari 17-siyosiy maslahatlashuvi davomida tomonlar strategik sheriklikning joriy holatini har tomonlama va atroflicha muhokama qilib, muhim yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Bosh vazir Narendra Modining Toshkentga navbatdagi tashrifi esa faqat ikki tomonlama diplomatik munosabat doirasidagi yuqori darajali muloqot sifatidagina emas, balki Hindistonning Markaziy Osiyodagi strategik ishtirokini kengaytirish va Janubiy Osiyo bilan iqtisodiy-transport aloqalarini diversifikatsiya qilish jarayonining muhim sharti sifatida ham baholash maqsadga muvofiq. Zero, Hindiston so‘nggi yillarda mintaqamizni “kengaytirilgan qo‘shnichilik” doirasida ko‘rib, savdo, muhim minerallar, energetika, xavfsizlik va transport bog‘liqligini kuchaytirishga intilyapti. O‘zbekiston uchun ham Hindiston yirik Janubiy Osiyo bozori, texnologiya va investitsiya manbai hamda muqobil transport yo‘nalishlariga chiqish imkoniyatini beruvchi strategik hamkor o‘laroq alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Qolaversa, munosabatlar xavfsizlik va mintaqaviy barqarorlik omili bilan tobora ko‘proq bog‘lanmoqda. O‘zbekiston va Hindiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish masalalarida o‘zaro yaqin yondashuvga ega. 2025-yil “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotida ham Afg‘oniston bo‘yicha yaqin muvofiqlashuvni davom ettirish zarurligi ta’kidlangan.
Geoiqtisodiy va transport-kommunikatsiya ham muhim yo‘nalishga aylanmoqda. Hindiston Markaziy Osiyoga chiqish uchun transport yo‘laklarini rivojlantirishdan manfaatdor, O‘zbekiston hind bozori va Janubiy Osiyo bilan bog‘lanish imkoniyatini kengaytirishga intiladi. Shu nuqtai nazardan Xalqaro Shimol – Janub transport yo‘lagi (INSTC) alohida ahamiyatga ega. Hindiston O‘zbekistonning mazkur tashabbusdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlagan.
Qisqacha aytganda, O‘zbekiston – Hindiston joriy munosabatini “tarixiy-madaniy yaqinlikdan strategik, geoiqtisodiy va texnologik sheriklikka o‘tish” jarayoni, deya ta’riflash mumkin.
– Mamlakatlarimiz iqtisodiy салоҳияти va hamkorlik istiqbolini qanday baholaysiz?
– Salohiyat nuqtai nazaridan O‘zbekiston va Hindiston bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiyotga ega. Hindiston - ulkan ichki bozor, yuqori texnologiya, farmatsevtika, raqamli iqtisodiyot, mashinasozlik va xizmat ko‘rsatish borasida beqiyos salohiyatga ega. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning muhim bozori, ishlab chiqarish va eksport platformasi sifatida mavqeini tobora mustahkamlamoqda. Iqtisodiy o‘sish sur’ati tahlili ko‘rsatadiki, 2025-yil yalpi ichki mahsulotimiz qiymati 147 milliard dollarni, tashqi savdo aylanmamiz esa 81,2 milliard dollarni tashkil etdi. Bunday yuqori ko‘rsatkich davlatning tashqi savdo aloqalari ko‘lamini kengaytirish va eksport salohiyatini diversifikatsiya qilish yo‘lidagi strategik maqsadi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligini ilmiy jihatdan asoslaydi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil 980,4 million dollar tovar ayirboshlangan. O‘tgan yil yakunida esa savdo aylanmasi 1,3 milliard dollardan oshib, bir yilda qariyb 30 foiz o‘sgan. Tomonlar bu raqamni yaqin istiqbolda 2 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgilagan.
Menimcha farmatsevtika, tibbiyot, raqamli texnologiya va SI, energetika, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, kimyo sanoati, tog‘-kon sohasi va transport-logistika yo‘nalishlari istiqbolli. Xususan, 2026-yil avgust oyida Nyu-Dehlida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Hindiston biznes forumida ayni sohalar bo‘yicha yangi loyihalar muhokama qilindi. Hozir yurtimizda hind kapitali ishtirokida qariyb 400 korxona ishlayapti, qo‘shma loyihalar jami qiymati 5 milliard dollardan oshgan.
Tabiiyki, mavjud salohiyati hali to‘liq ishga solingan emas. Hamkor tomon rasmiy ma’lumotida ham o‘zaro savdo hajmi mavjud imkoniyatga nisbatan pastligi ta’kidlangan. Ya’ni, transport-logistika xarajatini kamaytirish, bevosita havo qatnovi va transport yo‘laklarini rivojlantirish, savdo tartibini soddalashtirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalari ko‘lamini kengaytirish hal qiluvchi omildir.
– Ma’lumki, O‘zbekiston dengiz savdo yo‘liga ega emas. Fikringizcha, Hindiston tomoni taklif etayotgan janubiy transport yo‘laklari mamlakatimiz uchun mazkur bo‘shliqni to‘ldirish imkonini beradimi?
– Albatta. Hindiston bu kamchilikni qisman va strategik jihatdan to‘ldirish imkoniga ega, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, Hindiston O‘zbekistonga bevosita dengizga chiqish imkonini bermaydi, asosiy masala hind portlari, Eronning Chobahor porti va Markaziy Osiyo o‘rtasida samarali multimodal transport tizimini shakllantirishda.
Shu nuqtai nazardan eng muhim loyiha – Chobahor porti. Bu maskanni rivojlantirish va boshqarishda ishtirok etayotgan Hindiston majmuani Markaziy Osiyoga chiqish uchun muhim transport nuqtasi sifatida ko‘ryapti. Dehli hukumati Chobahorni Hind okeani orqali Markaziy Osiyo bozoriga chiqish va “International North – South Transport Corridor” (INSTC) bilan bog‘lashni strategik maqsad etib belgilagan.
Ikkinchi istiqbolli yo‘nalish – Trans-Afg‘on transport yo‘lagi. Agar O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston yo‘nalishida temir yo‘l va avtomobil infratuzilmasi to‘liq shakllansa, biz Janubiy Osiyo, jumladan Pokiston portlariga chiqish imkoniga ega bo‘lamiz. Shu tariqa Hindistonda ham Markaziy Osiyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruqlik aloqasini rivojlantirish imkoni paydo bo‘ladi. Hozircha Afg‘onistondagi vaziyat va Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi anchayin keskin munosabat bu yo‘nalishning asosiy cheklovidir.
– O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlik qanday ahamiyatga ega?
– O‘zbekiston va Hindiston madaniy-gumanitar aloqalarini ikki davlat munosabatining eng barqaror va xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni ta’minlovchi yo‘nalish deya baholash mumkin.
Bu jarayonda ayniqsa kino o‘ziga xos o‘rin tutadi. Hind kinosi O‘zbekistonda juda mashhur. Masalan, 2024-yil dekabr oyida Raj Kapur tavalludining 100 yilligi munosabati bilan yurtimizda besh kunlik Hind kinosi haftaligi o‘tkazildi. O‘tgan yil mart oyida esa hind kino san’atining turli yo‘nalishlari namoyish etilgan festival tashkil etildi.
Madaniy diplomatiyaning yana bir muhim yo‘nalishi – yoga, raqs, musiqa va san’at. Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri nomli Hind madaniyati markazi bu borada muhim institut hisoblanadi. Hamkorlikning keng ko‘lamli amaliy namunasi sifatida hamyurtlarimiz Xaryana shtatida o‘tkaziladigan Osiyodagi eng yirik “Surajkund” an’anaviy xalqaro hunarmandlik festivalida rasman “Sherik davlat” maqomida qatnashganini ta’kidlash joiz.
Yana bir muhim yo‘nalish – ta’lim tizimidagi izchil sheriklik. Xususan, hamkor davlat hukumatining “Aid to Uzbekistan” dasturi doirasida respublikaning 15 oliy ta’lim muassasasida Hindistonni o‘rganish markazi tashkil etilgani madaniy diplomatiyaning samarali vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga Samarqand davlat universiteti va TDSHUda Hindiston madaniyati va tillarini chuqur o‘rganish bo‘yicha Hindiston Madaniy aloqalar kengashi (ICCR) maxsus akademik dasturlari tizimli ravishda amaliyotga joriy etilgan.
Ikki tomonlama madaniy-gumanitar va ilmiy aloqalar rivojiga qo‘shilgan hissaning yuksak e’tirofi sifatida o‘zbek hindshunos olimlari hind hukumati tomonidan muntazam taqdirlab kelinayotganini ko‘rsatish mumkin. Jumladan, TDSHU dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nilufar Xo‘jayeva O‘zbekistonda hind tili va tarjimashunosligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun “Vishwa Hindi Samman” – “Jahon hind tili faxri” mukofoti bilan taqdirlanishi davlatlar aro akademik sheriklikning yuqori namunasidir. N.Xo‘jayeva mamlakatimiz tarixida ushbu nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgan to‘rtinchi o‘zbek olimi.
2025-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotida ham madaniy, ta’lim va gumanitar hamkorlikni kengaytirish xalqlarimiz o‘rtasida bevosita aloqani kuchaytirishning muhim vositasi sifatida qayd etilgan. Shu nuqtai nazardan kelgusida qo‘shma kino va seriallar ishlab chiqarish, tarixiy-me’moriy merosni o‘rganish, talabalar va yoshlar almashinuvi ko‘lamini kengaytirish, hind va o‘zbek tillarini o‘zaro o‘rganish, muzeylar, san’at muassasalari hamkorligini kuchaytirish istiqbolli yo‘nalishlardir.
Qisqasi, iqtisodiy-siyosiy manfaat davlatlarni, madaniyat esa xalqlarni yaqinlashtiradi. O‘zbekiston va Hindiston holatida ayni yaqinlik tarixiy xotira, kino, musiqa, ta’lim va umumiy sivilizatsion meros orqali shakllangani uchun madaniy diplomatiya strategik sheriklikning uzoq muddatli va barqaror poydevori bo‘lib qoladi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.