Mustaqillik solnomasi: ta’lim qanday o‘zgardi?
O‘sha paytlar...

XX asrning oxirgi o‘n yilligi mamlakatimiz tarixini yangi va o‘chmas sahifalar bilan boshlab berdi. Tabiiyki, Mustaqil davlat sifatida oyoqda turish, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini rivojlantirish, xalq farovonligini ta’mishlash oson emasdi. Birgina ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda maktab tarmog‘i mavjud, deyarli hamma bola maktabga borardi, yozish-o‘qishni bilardi. Lekin o‘sha tizimning o‘z chegaralari bor edi.
Birinchidan, u bir qolipga solingan edi. Hamma maktab bir xil, hamma darslik bir xil, hamma reja yuqoridan kelardi. Ota-ona bolani qayerda o‘qitishni tanlay olmasdi — tanlashning imkoni yo‘q edi.
Ikkinchidan, maktabgacha ta’lim, ya’ni bog‘chalar asosan shaharlarda, katta korxonalar qoshida edi. Qishloq joylarida bog‘cha degan tushuncha ko‘pincha mavjud emasdi.
Uchinchidan, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish juda og‘ir edi. O‘rinlar soni yuqoridan belgilanar, talabgorlar esa yildan yilga ko‘payib borardi.
Gap shundaki, mamlakat bunday tizimni o‘zi tanlamagan edi.
Umuman Ta’lim tizimi haqida gap ketganda, ko‘pincha hisobotlardagi silliq va balandparvoz gaplarga o‘rganib qolgandik. Biroq jamiyatni quruq va’dalar emas, real hayotdagi o‘zgarishlar va aniq raqamlar qiziqtiradi. 1991-yildan beri bosib o‘tilgan 35 yillik murakkab yo‘lga baho berishning eng xolis mezoni – bu statistik faktlar va achchiq bo‘lsa-da, ochiq aytilgan haqiqatdir.
O‘qituvchi maqomi:
paxta dalalaridan moliyaviy rag‘batgacha
Ilgari o‘qituvchilik obro‘li bo‘lsa-da, eng og‘ir kasblardan biri edi. Pedagoglar dars berish o‘rniga paxta terimi, ko‘cha tozalash va turli majburiy hasharlarga jalb qilinardi. Keyingi 10 yilda bu mo‘’tabar kasb sohiblarining maqomi tubdan o‘zgardi, jamiyatda ularning martabasi yuksaldi.
2018-yildagi me’yoriy hujjatlar, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan o‘qituvchilarni majburiy mehnatga tortish qat’iy taqiqlandi. Bo‘lar-bo‘lmas byurokratik hisobotlar bekor qilinib, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashiga, bilim va tajribasini oshirishga imkon yaratildi. Milliy va xalqaro (C1/B2) sertifikatga ega pedagoglarga 20 foizdan 50 foizgacha, vazir jamg‘armasi orqali esa 100 foizlik ustamalar belgilandi. Natijada minglab izlanuvchan o‘qituvchilarning oylik maoshi 10-15 million so‘mlik ko‘rsatkichga yetdi.
Davlat bog‘chalaridan oilaviy bog‘chalargacha
Mustaqillikning dastlabki yillarida bog‘chalar asosan shahar va katta korxonalar tasarrufida bo‘lib, qishloq joylarida bu tushuncha deyarli mavjud emas edi. Tizimdagi inqiroz 2016-yilga kelib chin cho‘qqisiga yetdi. Masalan, o‘sha yillarda mamlakat bo‘yicha bog‘cha yoshidagi bolalarning bor-yo‘g‘i 27,7 foizi (har to‘rt boladan biri) tizimga qamrab olingan edi. Davlat bog‘chalari soni 5 211 tani tashkil etib, 4 000 dan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi. Shu o‘rinda bir misol. Yosh kelin farzand ko‘rdi. Uch-to‘rt yildan keyin ishga qaytmoqchi. Lekin bolani qo‘yadigan yaqin atrofda bog‘cha yo‘q, bor bo‘lsa ham navbat ikki yillik. Natijada ayol uyda qoladi. Oila daromadi kamayadi. Bola esa maktabga tayyorgarliksiz boradi — qalam ushlashni, boshqa bolalar bilan gaplashishni, bir joyda o‘tirishni o‘rganmagan.
Bugun qanday? Mamlakat miqyosida ehtiyojni qoplaydigan miqyosdagi bog‘chalarni qurishga vaqt ham mablag‘ ham yetkazish mushkul edi. Shuning uchun yo‘l ochib berildi — tadbirkorga ham, oddiy oilaga ham. Uyida sharoiti bor ayol o‘z xonadonida kichik bog‘cha ochishi mumkin bo‘ldi. Davlat unga yer berdi, imtiyoz berdi, tarbiyachisining maoshini qoplab beradigan bo‘ldi. Natija shu: bog‘chaga boradigan bolalar ulushi to‘rtdan birdan to‘rtdan uchga chiqdi. Avval birorta bog‘chasi bo‘lmagan minglab mahallalarda endi bor.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashkil etilishi, oilaviy va xususiy bog‘chalarga davlat subsidiyalari ajratilishi natijasida qamrov 78 foizdan oshdi. Mahallalarda ochilgan oilaviy bog‘chalar hisobiga ular soni 37 000 dan ortib, millionlab onalarning qo‘li bo‘shab, ishli bo‘lishiga va minglab ayollar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon berdi.
Bu — millionlab onalarning ishga chiqish imkoni degani. Bu — maktabga tayyor borib, birinchi sinfdan boshlab ortda qolmaydigan bola degani. Va bu — ishsiz bir necha ayol uchun ish o‘rni degani, chunki oilaviy bog‘cha ham aslida bir kichik korxona.
Oliy ta’lim: sun’iy monopoliya sindirildi
O‘zbekistonda uzoq yillar OTM o‘qishga kirish bilimdan ko‘ra ko‘proq “omad va kvota”ga bog‘liq masala bo‘lib keldi. Maktabni a’lo baholarga bitirgan yoshlar ham sun’iy cheklovlar sababli chetda qolib ketardi. So‘nggi yillardagi islohotlar bu cheklovni tubdan o‘zgartirdi.
Oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, eng avvalo, raqamlar va aniq ko‘rsatkichlarda o‘z aksini topmoqda. 2016-yili mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 77 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 210 tadan oshdi. Ya’ni oliy ta’lim muasssalari tarmog‘i deyarli uch baravarga kengaydi.
Ilgari maktab yoki litsey bitiruvchilarining atigi 9-10 foizi oliy ta’lim olish imkoniga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 42-45 foizga yetdi. Bu – qamrov darajasi 4,5 baravarga ortganidan dalolat beradi.
2016-yili talabalarning umumiy soni 230 ming nafar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 1,3 milliondan oshib ketdi (5,6 baravar o‘sish). Eng e’tiborli jihati – talaba qizlarning ulushi 36-38 foizdan 51 foizgacha ko‘tarildi. Tariximizda ilk bor oliy ta’limda tahsil olayotgan xotin-qizlar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Xususiy va xorijiy universitet filiallarining ochilishi natijasida chekka viloyatlardagi oliy ta’lim olish istagidagi yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun poytaxtga borib o‘tirmay ta’lim olish imkoniyati yaratildi. Magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktining davlat tomonidan to‘lanishi esa jamiyatdagi katta ijtimoiy burilishni boshlab berdi, jamiyatda ilm, fan va ma’rifatni yuksak ma’naviy qadriyatga aylantirishdek ezgu maqsad ro‘yobiga xizmat qila boshladi.
Ilk bor o‘z kamchiligini tan olgan davlat
Mamlakatimizda xalqni farovonlik eltadigan islohotlarning eng muhim qadamlaridan biri – jumladan, ta’lim sohasidagi kamchiliklarni yashirmaslik bo‘ldi. O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonlik darajasini baholovchi xalqaro PISA-2022 tadqiqotida ishtirok etdi (81 ta davlat orasida). Unga ko‘ra, matematik savodxonlik – 364 ball (72-o‘rin), o‘qish savodxonligi – 336 ball (80-o‘rin), tabiiy-ilmiy fanlar – 355 ball (81-o‘rin)ni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi.
Bu raqamlar faxrlanadigan darajada emasdir. Lekin, eng muhimi, natijalar yashirilmadi, ochiq e’lon qilindi. Aynan shu raqamlar milliy o‘quv dasturini, darsliklar mazmunini va o‘qitish metodologiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqish uchun tashxis rolini vazifasini o‘tamoqda.
Xullas, 35 yilda nima o‘zgardi?
Mustaqillik e’lon qilinganiga 35 yil to‘ldi. Oraliq qisqa muddat emas. Dastlabki yillarda davlat o‘z poydevorini qurdi: o‘z darsligi, o‘z tizimi, o‘z standarti vujudga keldi. Keyingi bosqichda bu tizim takomillashtirildi va mustahkamlandi. 2016-yildan boshlangan islohotlar orqali esa sohani xalqaro tan olingan mukammal standrtlar bilan qurollantirish, ularni amalda samarali qo‘llash yo‘li tadbiq etilmoqdaki, dastlabki natijalarini xalqimiz o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turibdi.
Albatta, tizim hali butunlay mukammal bo‘lib qolgani yo‘q. Maktablarda hanuz ikki-uch smenali o‘qishlar, ayrim darslik va xususiy oliy ta’lim muassasalarida sifat muammolari saqlanib qolmoqda. Ammo 1991-yili tug‘ilgan bola va bugun tug‘ilgan bolaning ta’lim trayektoriyasi o‘rtasida keskin farq bor. Bugungi bola uchun esa bog‘cha va inklyuziv maktab tabiiy sharoit, oliy ta’limga kirish esa orzu emas, balki aniq hisob-kitob va mehnatga bog‘liq oddiy ehtimoldir.
Tarixdan har qanday kishilik jamiyatining yuksalish darajasi ta’lim va tarbiyaga yondashuvi bilan o‘lchangan. Dunyo tubdan o‘zgarayotgan bugungi davrda esa sohaga talab karrasiga o‘sib bormoqda. Ta’limdagi 35 yillik yo‘lning haqiqiy bahosi ham aynan yuqorida ta’kidlangan raqamlar va hayotiy imkoniyatlar ko‘lami bilan o‘lchanadi.
Mahmudjon PARPIEV,
xalq deputatlari Namangan viloyati
Kengashi deputati Parpiyev Maxmud Mamatovich