O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston hamda Gonkong fuqarolari uchun 30 kungacha bo‘lgan muddatga o‘zaro vizasiz tizimni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Bu haqda mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda Gonkong maxsus ma’muriy hududi ma’muriyati rahbari Jon Li Kachchiu bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Muzokaralar davomida tomonlar sarmoyalar kiritish, moliya sektori, raqamlashtirish jarayonlari, sun’iy intellekt texnologiyalari, shuningdek, transport va logistika kabi muhim sohalardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishgan.
Uchrashuv davomida Gonkongning yirik xalqaro moliya va biznes markazi sifatidagi boy tajribasi O‘zbekiston iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqish hamda zamonaviy loyihalarni hayotga tatbiq etishda katta yordam berishi alohida qayd etildi.
Muloqot yakunida ikki tomon vakillari o‘zaro vizasiz rejimni rasman yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv tuzish istagini ifoda etuvchi verbal notalarni almashishdi. Vazir Baxtiyor Saidovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qadam ikki davlat aholisi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar eshigini ochadi hamda turizm va ishbilarmonlik aloqalarini yanada jonlantirishga xizmat qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA