Haybatli tog‘lar bag‘ridagi sirli ko‘l
Qashqadaryoning baland tog‘lari bag‘rida shovullab oqayotgan Tamshush daryosiga qarab tursangiz, uning boshlanishi shu qadar salobatli ekan, deb o‘ylaysiz. Aslida esa bu daryoning ilk manbai tog‘ bag‘irlaridan sizib chiqadigan buloqlar va bahor kelishi bilan eriydigan qor suvlaridan boshlanadi. Tabiatning eng buyuk mo‘’jizalaridan biri ham shunda – ulkan daryolar ba’zan inson hatto e’tibor bermaydigan kichik jilg‘alardan vujudga keladi.
Ana shu jilg‘alarni kuzatib, tog‘lar sari yo‘l olsangiz, Shahrisabz tumanining Tamshush qishlog‘idan boshlanadigan yo‘l sizga mamlakatimizdagi eng noyob tabiiy hududlardan biri “Hisor” davlat qo‘riqxonasining Miraki bo‘limiga olib chiqadi. Bu yerga kelgan kishi nafaqat tog‘larning mahobatidan, balki tabiatning asrlar davomida deyarli o‘zgarmay saqlanib kelayotgan betakror go‘zalligidan ham hayratga tushadi.
Miraki bo‘limi 11 ming gektardan ziyod hududni egallagan bo‘lib, Surxondaryo viloyati va qo‘riqxonaning Tanhozdaryo bo‘limi bilan tutashadi. Bu yerda har bir qadam tabiatning noyob boyligiga duch keladi. Archazorlar bag‘rida Qizil kitobga kiritilgan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, qor qoploni, Turkiston silovsini, burgut, oqboshli qumoy kabi kamyob turlar yashaydi. Bu hayvonlarning xavfsizligi esa qo‘riqxona inspektorlarining kundalik mehnati samarasidir.
“Hisor” davlat qo‘riqxonasi ilmiy xodimi Behro‘z Begaliyevning ta’kidlashicha, Miraki bo‘limi qo‘riqxonaning eng muhim hududlaridan biri hisoblanadi.
– Bu yerdagi asosiy vazifamiz o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularning tabiiy muhitini kelajak avlodga butun holicha yetkazishdan iborat. Inspektorlar yilning to‘rt faslida, qorli kunlarda ham tog‘larni tark etmaydi. Ular maxsus kardonlarda yashab, doimiy nazorat ishlarini olib boradi, – deydi mutaxassis.
Biz ham aynan ana shu kardondan yo‘limizni davom ettirdik. Avtomobillar ortda qoldi. Endi oldindagi mashaqqatli yo‘lni faqat ot va eshaklarda bosib o‘tish mumkin edi. Tog‘larda texnika emas, tabiat qonunlari hukmron.
Qo‘riqxona xodimlari oldimizda kamida yigirma kilometrlik tik ko‘tarilish turganini aytganda, buni dastlab hazil deb qabul qildik. Biroq bir necha soatdan keyin har bir qadam, har bir nafas bu safarning oson kechmasligini anglatardi.
Yo‘l davomida Miraki bo‘limining tajribali qo‘riqlash xodimi Mansur Jo‘rayev bizga mahalliy joy nomlari tarixi haqida so‘zlab berdi. Yurti Kalon, Oqtoshsoy, Olmaliksoy kabi nomlar shunchaki atama emas, balki asrlar davomida shu tog‘larda yashagan insonlarning xotirasi ekan.
– Bu yerlar ilgari dehqonchilik qilingan hududlar bo‘lgan. Shuning uchun Yurti Kalon deb atalgan. Hozir esa bu tog‘lar ayiq, yovvoyi cho‘chqa, bo‘ri, tog‘ echkisi va boshqa hayvonlarning makoniga aylangan, – deydi u.
Kun botishiga yaqin qorli cho‘qqilar etagiga yetib keldik. Odamni jismonan charchatadigan yo‘l ortida ruhiy xotirjamlik bor edi. Tog‘ qo‘ynidagi sokinlikda faqat shamolning shiviri va uzoqdan kelayotgan suvning shovullashi eshitilardi.
Bir kechalik hordiqdan keyin yana tong yorishmasidan yo‘lga chiqdik. Endi yo‘limizni qor qoplagan yonbag‘irlar kesib o‘tar, har bir qadam ehtiyotkorlikni talab qilardi.
Uch soatlik ko‘tarilishdan keyin nihoyat qoyalar orasida yashiringan Ko‘limozor ko‘li ko‘zga tashlandi. Dengiz sathidan qariyb uch ming metr balandlikda joylashgan bu ko‘lning maydoni bir gektardan ziyod. Biroq biz tasavvur qilgan moviy suv o‘rniga uning yuzini qalin muz qoplab yotardi. Havo harorati hali ham minus o‘n daraja atrofida edi.
Qo‘riqlash xodimi Qobil Bo‘riyevning aytishicha, yozning eng issiq kunlarida ham bu yerda tabiatning o‘z qonuni hukm suradi.
– Qorlar to‘liq erigach, ko‘l sathi yanada ko‘tariladi. Atrofdagi hayvonlar shu yerga suv ichgani keladi. Ko‘limozor tog‘ ekotizimining muhim suv manbalaridan biri hisoblanadi, – deydi u.
Ko‘limozorga yetib kelish oson emas. Ammo uning sokinligi, musaffo havosi va haybatli tog‘lar qurshovidagi manzarasi ikki kunlik mashaqqatni bir lahzada unuttiradi. Eng muhimi, bu yerga yetib kelgach, inson tabiatning haqiqiy qudratini his etadi. Balki shuning uchun ham bunday go‘shalarni asrash nafaqat qo‘riqxona xodimlarining, balki barchamizning umumiy burchimizdir.
Safar davomida yana bir quvonarli holat ma’lum bo‘ldi. Qo‘riqxona xodimlarining aytishicha, Ko‘limozor ko‘lining qishki manzarasini uning sohilidan turib birinchi marta professional tarzda tasvirga olgan jurnalistlar qatoriga qo‘shildik. Bu esa ikki kunlik mashaqqatli yo‘lning eng unutilmas xotirasi bo‘lib qoldi.
[gallery-30109]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari