O‘zbekiston va “Better Cotton”: Hamkorlik rivojlanayotgani milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi nufuzini oshirmoqda
“Better Cotton” – paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik tuzilma hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab 2,5 mingdan ortiq a’zolarni, jumladan IKEA, H&M , Inditex, GAP, Nike, Adidas, LeviStrauss & Co kabi 300 dan ziyod global brendlarni birlashtiradi.
Bunday nufuzli tashkilot bilan hamkorlik o‘zbek paxtasini jahonning yetakchi brendlari va to‘qimachilik kompaniyalariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro investorlar va xaridorlar uchun O‘zbekistonning jozibadorligini oshiradi.
“Better Cotton”ning O‘zbekistonda milliy ofisi ochilgani mamlakatimiz paxta-to‘qimachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan yuksak baho sifatida qaralmoqda. Bu O‘zbekistonning global paxta ta’minot zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlamoqda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar eshigini ochmoqda.
Jeneva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va “Better Cotton” xalqaro tashkilotining Bosh direktori Nik Uezerill uchrashuvida shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda barqaror paxta yetishtirish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish, paxta-to‘qimachilik sanoatida qo‘shimcha qiymat zanjirlarini rivojlantirish hamda sohaning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalari va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Nik Uezerill O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida paxta-to‘qimachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sohada zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini izchil tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuvda mamlakatimizda tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun yaratilgan qulay muhit, ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari, xalqaro sertifikatlashtirish jarayonlarini rag‘batlantirish mexanizmlari, shuningdek, soliq va bojxona sohasidagi imtiyozlar “Better Cotton” dasturini O‘zbekistonda yanada kengaytirish va uning qamrovini oshirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekistonning jahon paxta bozoridagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani, mamlakatda ekologik va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan paxta yetishtirish amaliyoti kengayib borayotganini qayd etdi. Bu esa milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
“Better Cotton” tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Hindiston va Pokistondan keyin ochilgan uchinchi milliy ofis hisoblanadi. Bu nafaqat mamlakatimiz paxta-to‘qimachilik sohasining yuqori salohiyati, balki O‘zbekistonning paxta ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikda muhim va barqaror o‘rin egallayotganining yorqin tasdig‘idir.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalar, jumladan, shartnomaviy munosabatlarni fermerlar ishtirokida amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, mamlakatning paxta va to‘qimachilik korxonalariga tanishuv tashriflarini tashkil etish orqali xalqaro brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA