Byudjet samaradorligida parlamentning roli
Davlat byudjeti iqtisodiyotimizni mustahkamlashda muhim o‘rin egallab, mamlakat taraqqiyoti va ijtimoiy himoyasini ta’minlovchi asosiy moliyaviy hujjat hisoblanadi. Byudjet mablag‘larining samaradorligini ta’minlash har bir soha rivojida, mavjud kamchiliklarni hal etishda dolzarb ahamiyatga ega.
Ma’lumki, 2020-yildan boshlab Byudjetnoma qonun shaklida tasdiqlanib kelinmoqda. Bu esa Hukumat va vazirliklar mas’uliyatini oshirib, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda tashqi qarz hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni to‘liq parlament nazoratiga olish imkonini bermoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Davlat byudjetini shakllantirishda va ijrosini ta’minlashda parlamentning roli” mavzusidagi seminarda shu kabi jihatlarga e’tibor qaratildi.
Deputatlar qayd etganidek, byudjet loyihasiga asos bo‘luvchi fiskal strategiya va makroiqtisodiy prognozlar har yilning iyun oyidayoq parlamentga taqdim etib kelinayotgani byudjet parametrlarini oldindan puxta tahlil qilish va xalq manfaatlariga moslash imkonini beryapti.

Seminarda Hukumat vakillari moliyaviy resurslarning yakuniy natijadorligiga erishish vazirliklarning bosh vazifasiga aylanganini qayd etdi. Shu bilan birga, davlat dasturlari ijrosida maqsadli indikatorlar ijrosini ta’minlash borasida zarur choralar ko‘rilayotgani bildirildi.
Ta’kidlanganidek, davlat moliyasini boshqarish tizimida raqamlashtirish jarayonlarining izchil amalga oshirilayotgani byudjet shaffofligiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, deputatlar "Tashabbusli byudjet" doirasida joriy etilgan “deputat tashabbusi” amaliyoti xalq vakillari uchun muhim vosita bo‘layotganiga to‘xtalib o‘tdi.
Seminar davomida byudjet samaradorligida parlament nazorati muhimligi qayd etilib, ushbu mexanizmlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslar, takliflar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA