O‘zbekiston – umumiy uyimiz: do‘stlik va bag‘rikenglikni tarannum etgan tadbir
Mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil va hamjihat hayot kechirmoqda. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlarini asrab-avaylash hamda kelajak avlodga yetkazish maqsadida 157 ta milliy madaniy markaz samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi milliy madaniy markazlar pavilonida O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi tashabbusi bilan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida madaniy-ma’rifiy va musiqiy tadbir tashkil etildi.
[gallery-29756]
Tadbirda qo‘mita rahbariyati, milliy madaniy markazlar faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bag‘rikenglik siyosati, millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasidagi islohotlar hamda milliy madaniy markazlarning bu jarayondagi muhim o‘rni haqida fikr bildirdi.
Ta’kidlanganidek, millatlararo hamjihatlik – jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omilidir. Turli millat va elat vakillarining bir oiladek ahil yashashi, umumiy maqsadlar yo‘lida birlashishi O‘zbekistonning eng katta boyliklaridan biri sanaladi.
Tadbirning badiiy qismida milliy madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari namoyish etildi. Turli millatlarga mansub qo‘shiqlar, milliy raqslar va sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Milliy liboslar, xalq amaliy san’ati namunalari va turli xalqlarning an’ana hamda urf-odatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar esa tadbirga yanada o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.
Tadbir ishtirokchilari qayd etganidek, bunday madaniy uchrashuvlar nafaqat xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlaydi, balki yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, do‘stlik, bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Rahmonova,
F.Abdurasulov (surat)
O‘zA