Giyohvandlik – umr zavoli
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida “Giyohvandlik – umr zavoli” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
26-iyun – Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda qatnashgan Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Shohruxmirzo Mamajonov mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, tibbiyot xodimlari tomonidan ushbu illatning oldini olish, unga qarshi kurashishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.


Shuningdek, tadbirda shifokorlar tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, bu boradagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish, mahalla, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Giyohvandlik inson salomatligi va jamiyat rivojiga putur yetkazadigan ofat hisoblanadi, – deydi filial direktori Ahrorbek Toshpo‘latov. – Shu bois, ushbu illatga qarshi kurashish, uning oldini olishga keng jamoatchilikning e’tiborini kuchaytirishda tibbiyot xodimlari faol bo‘lishi lozim.


Tadbir doirasida sport mashg‘ulotlari o‘tkazildi, giyohvandlikka qarshi kurashish targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’ruzalar o‘qildi, ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Jamoa o‘z oldiga giyohvandlikka qarshi kurashish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab oldi.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri