O‘zbekiston – Tojikiston: Qondosh-qadrdon
“Qo‘shning tinch – sen tinch” degan gap behuda aytilmagan-da. “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni afzal” degan qaymoq maqolimiz ham bor. Binobarin, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabati ko‘p ellarga o‘rnak bo‘larli tajribaga aylanib borayotgani ham sir emas.
So‘nggi 10 yillik ma’lumotga ko‘ra, yurtimizga kelayotgan sayyohlarning asosi yaqin qo‘shnilarimiz hisobiga to‘g‘ri keladi. Chegaradagi qo‘sha-qo‘sha o‘tish yo‘llari samimiy, qadrdon qo‘shnilar ko‘ngil eshigidek tun-u kun ochiq. Qachon istasangiz, xohlang mashina yoki avtobusda, shoshilsangiz uchoqda... marhamat!
Prezidentimizning qat’iy siyosiy irodasi, o‘ta samimiy, do‘stona intilishi tufayli bir paytlar sog‘inchga aylangan qarindoshlik rishtasi, qo‘shnilar bilan qon-qardoshlik an’analari ko‘zi yopilib qolgan buloqning ochilishidek, insonlarning mehr-oqibatga tashnaligini qondirdi.

O‘rni kelganda o‘tmishdagi chegaradan o‘tish mashaqqatini bir eslaylik. Qirg‘iziston, Tojikiston chegaralaridagi azobli kutish, hujjat sansolarligi, chegaradagi minalardan ko‘rilgan zarar va ayanchli oqibat bugun ertakka aylandi. Shukur-ki, bordi-keldi, to‘y-ma’rakada qatnashish tashvishidan hammaning ko‘ngli to‘q.
O‘tgan asr 80-yillari boshida yurtimizda tojik adabiyoti va san’ati o‘n kunligi bo‘lib o‘tishi oldidan Tojikiston va O‘zbekiston xalq artisti Jo‘rabek Murodov o‘zbek zullisoniy shoiri O‘lmas Jamol g‘azali asosida qo‘shiq yaratib, ilk bor Toshkentda kuyladi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, bu navo ikki xalq totuvligi, birligi ramzi o‘laroq, qon-qardoshlik madhiyasiga aylanib yashab kelyapti:
Tojikiston o‘g‘lidurman, o‘zbegim gufto pisar,
Rost go‘yam, har kadome sevgilimdur jon qadar,
Ona deb aytsam birovin, ul biri menga padar,
Hamchu du chashmi siyoham ikki xalq ham mo‘’tabar,
Mehru yodash dar vujudam porlagan shamsu qamar.
Az qadim o‘zbegu tojik et bilan tirnoq erur,
Qon-qarindoshlik shiorash qo‘lida bayroq erur,
Bir-birin mehmonga chorlab, yo‘lida mushtoq erur,
Toqati hijron nadorad, vasliga chanqoq erur,
Ushbu do‘stlik har qadamda borgusi fathu zafar...
2025-yil 31-mart kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Prezidentlari tomonidan imzolangan tarixiy hujjat – “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi “Xo‘jand deklaratsiyasi” nomi bilan tarixga kirgan hujjat uch mamlakat o‘rtasidagi chegara muammosiga huquqiy nuqta qo‘yib, mintaqada yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yaqinda Tojikiston Respublikasi rahbari Emomali Rahmon Tursunzoda tumanidagi yangi binolar ochilishi chog‘i bir guruh faollar bilan tumanning istiqboldagi rejalari xususida fikrlashib, o‘zbek maktablari qurilishi, bu maskanlarni darslik bilan ta’minlash, oliy ta’lim tizimida o‘zbek tili fakultetlari ochish bo‘yicha soha mutasaddilariga tegishli vazifalarni belgilab berdi. Bu jamoatchilik tomonidan millatlar aro totuvlik bag‘rikenglik ramzi sifatida qabul qilindi.

Mamlakatimizdagi tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhonova ayni mavzudagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Mazkur voqea ikki do‘st mamlakat aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lidagi ezgu qadamdir. Prezidentlarimizning shu yil mart oyi oxiridagi birodarlarcha uchrashuvida qabul qilingan hujjatlar ko‘lamidan ham ayon-ki, o‘zbek va tojik xalqlari hech qachon bir-biridan ayrilmaydi. Ustozlarimiz ta’kidlaydiganidek, biz ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqmiz.

Masalan, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan maktablar, maktabgacha va oliy ta’lim muassasalari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilayotgan sharoitlar tufayli muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Bugun O‘zbekistondagi 240 maktabda bolalarga tojik tili darsi o‘tiladi. Ushbu dargohlarda 64 857 o‘quvchiga 6501 nafar malakali o‘qituvchi ustozlik qilmoqda. Termiz, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Chirchiq davlat universitetlarida tojik tili fakultetlari bor. 2020-yil Prezidentimiz tashabbusi bilan ochilgan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida tojik maktablari uchun juda zarur bo‘lgan maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, matematika, biologiya fakultetlarida mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Yurtimizdagi Milliy madaniy markazlar faoliyati ham doimiy e’tiborda. Xususan, 9 viloyat, 6 tumanda Tojik milliy madaniy markazi bo‘linmalari bor.
Mamlakatimiz rahbari e’tirofi va qo‘llab-quvvatlovi natijasida millatlararo munosabatlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayni oqilona siyosat tufayli O‘zbekistonda barcha millat va elatlar emin-erkin yashab, an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylab kelmoqda. Birgina misol: Markazimiz tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “So‘z ifori” loyihasi asosida diyorimizda yashab, ijod qilayotgan tojik millatiga mansub yozuvchi-shoirlar hamda Tojikistonda ijod qilayotgan o‘zbek adiblarining 30 jilddan iborat asarlari chop etilib, kitobsevarlar, maktablarga yetkazib berilmoqda. Hozirgacha 10 jild nashrdan chiqdi.

“Mehrnoma” kitobida 18 nafar Tojikistonda ijod qilayotgan o‘zbek shoirlari va O‘zbekistonda ijod qilayotgan 18 tojik adib asarlari yig‘ilgan. Xo‘jandda va Jizzaxda ushbu asarlar takdimoti yuqori darajada o‘tdi. Xalqlar do‘stligi kuni arafasida Markaz tomonidan chop etilgan Tojikiston xalq shoiri, Abu Abdullo Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori Farzonaning “Saharnam” kitobi taqdimoti O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida katta tantana va hurmat bilan o‘tkazildi. Tadbirda shoiraning respublika bo‘ylab barcha viloyatlardagi muxlislari to‘plandi. Uyushma raisi, senator Sirojiddin Sayyid unga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi guvohnomasini topshirdi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan So‘g‘d viloyati “Nuri niyogon” shashmaqom ansambli rahbari Shuhratjon Nabiyev O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Uning 1998-yil yozilgan “O‘zbegu tojik elim” she’ri ham aynan sobit an’ana mahsulidir.

Ha, umumiy ildizimiz chuqur va mustahkam tomir otgan. O‘zbekistonda ayni yo‘nalishda ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirilgan-ki, barcha qardosh tillardagi maktablar qatori, tojik zabon o‘quvchilar ham sifatli ta’lim olmoqda. Demak, turli sabablarga ko‘ra faoliyati to‘xtab qolgan Tojikistondagi o‘zbek maktablari qayta ochilishi ikki tilli bir xalqning mehr-oqibat daryolari xuddi O‘zbekistondagi kabi yana o‘z o‘zanida oqadi. Tarixning bir muddatlik turg‘un davri munosabatimizni sinovdan o‘tkazganday bo‘ldi. Davlat rahbarlari siyosiy irodasi tufayli bir-biri mehriga tashna ming yillik qadriyatlarimiz yana jonlandi.

Endi aholi uchun qo‘shni davlatga o‘tib-qaytishda aslo muammo yo‘q. Masalan, Urgut tumanidagi Jartepa bojxona maskani yaqinida Panjikentda yashayotgan qo‘shnilarimiz uchun ham juda qulay katta bozor qurilyapti. Xullas, qadimdan bozori-yu mozori bir ikki elning uyqash turmush tarzi yangicha, zamonaviy xususiyat kasb etmoqda.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA