O‘zbekiston startapi Cerberus xalqaro maydonda: San-Fransisko sari yo‘l
O‘zbekistonlik “Cerberus” startapining xalqaro tanlovdagi muvaffaqiyati texnologiya sohasidagi ulkan g‘alabadir.
Qayd etish lozimki, mamlakatimizning “Cerberus” startapi “Road to TechCrunch Startup Battlefield 2026” mintaqaviy finalida birinchi o‘rinni egallab, Markaziy Yevroosiyo mintaqasidagi eng istiqbolli loyihalardan biri ekanini namoyon qildi. Bu g‘alaba kompaniyaga 2026-yil 13–15-oktabr kunlari San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan “TechCrunch Startup Battlefield 200” global bosqichida ishtirok etish huquqini berdi. “IT Park Uzbekistan” esa shu mintakaviy tanlovning tashkilotchilaridan biri, asosiy xamkor hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi dasturda ishtirok etish uchun 39 mamlakatdan jami 726 ta ariza kelib tushgan. Milliy saralash bosqichlari yakunlariga ko‘ra, eng istiqbolli 22 ta startap mintaqaviy finalga yo‘l oldi. O‘zbekiston nomidan finalda “Cerberus, MoliyAI”, “Sino AI”, “Deepen”, “Fermopolis” va “Oqim App” kabi oltita startap ishtirok etdi.
12-avgust kuni o‘tkazilgan mintaqaviy final yakuniga ko‘ra, eng kuchli uchlikdan O‘zbekistonning “Cerberus”, Qozog‘istonning “WeGlobal AI” va Yaponiyaning “LOOQ” startaplari joy oldi. Ularning barchasi tanlovning global bosqichiga yo‘llanma oldi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Xo‘sh, “Cerberus” aslida nima bilan shug‘ullanadi?
“Cerberus” — sun’iy intellektdan foydalangan holda korporativ IT tizimlardagi zaifliklarni avtomatik aniqlashga ixtisoslashgan kiberxavfsizlik yechimidir. Startap sun’iy intellekt yordamida xavfsizlik tekshiruvlarini avtomatlashtirish, shuningdek, AI tizimlarining harakatlarini belgilangan doirada nazorat qilish imkonini beruvchi texnologiyalarni ishlab chiqmoqda.
Loyihaning xalqaro investorlar e’tiborini tortayotgani ham bejiz emas. “Cerberus” 2026-yilda xalqaro 500 Global venchur fondi investitsiyasini ham jalb qilgan.
Tanlovning mintaqaviy bosqichidagi kuchli uchlik uchun umumiy qiymati 100 ming AQSH dollariga teng investitsion mukofot jamg‘armasi ajratilgan. Unga ko‘ra, birinchi o‘rin — 50 ming dollar, ikkinchi o‘rin — 30 ming dollar, uchinchi o‘rin — 20 ming dollar miqdorida sovrin bilan mukofotlanadi.
Investitsiyalar “Astana Hub Ventures”, IT Park “Ventures” va “Silkroad Innovation Hub” tomonidan taqdim etiladi. Bundan tashqari, OpenAI ham xuddi shu nisbatda — jami 100 ming dollar miqdorida API kreditlarini ajratadi.
Kuchli uchlik uchun “TechCrunch Startup Battlefield 200” sahnasida o‘z loyihalarini taqdim etish, shuningdek, “TechCrunch Disrupt 2026” ko‘rgazma maydonida uch kun davomida texnologiyalarini namoyish etish imkoniyati yaratilgan.
Har bir jamoaning ikki nafar a’zosi uchun San-Fransiskogo aviachipta va bir haftagacha yashash xarajatlarini qamrab oluvchi to‘liq moliyalashtirilgan safar ham taqdim etiladi.
“Cerberus” uchun keyingi bosqich yanada muhim. San-Fransiskoda startap jamoasi o‘z texnologiyasini xalqaro investorlar, venchur fondlari va dunyodagi yirik texnologik hamjamiyat vakillariga taqdim etadi.
“Startup Battlefield” erta bosqichdagi istiqbolli startaplarni xalqaro maydonga olib chiqishi, investorlar e’tiborini jalb etishi va yangi bozorlarga kirish imkoniyatini yaratishi bilan ahamiyatli. “Cerberus’ning mintaqaviy finaldagi g‘alabasi esa O‘zbekiston startap ekotizimi uchun navbatdagi muhim xalqaro natija bo‘ldi. Eng muhimi, o‘zbek startaplari endi nafaqat mahalliy, balki global texnologik bozorda ham o‘z imkoniyatlarini namoyon etayotganini ko‘rsatmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA