O‘zbekiston milliy jamoasi 38-Xalqaro informatika olimpiadasida 4 ta medalni qo‘lga kiritdi
Toshkentda o‘tkazilgan 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026) bahslari O‘zbekiston uchun tarixiy natija bilan yakunlandi. Milliy terma jamoamizning barcha 4 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlarni egalladi. Yigitlarimiz 1 ta kumush va 3 ta bronza medali sohibiga aylandi.
Jumladan, Muhammad al-Xorazmiy maktabining 9-sinf o‘quvchisi Jahonali Haydaraliyev — kumush medal, Nukus Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Timur Kadirbergenov – bronza medal, Namangan Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Rahmatullayev— bronza medal, Namangan Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Jahongirshoh Avazxonov — bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Navoiy shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Sardorbek Salimov — “Faxriy e’tirof” sovriniga ega bo‘ldi.
Mazkur tarixiy natija yoshlarimizning yillar davomida olib borgan izchil tayyorgarligi, ustozlarning fidokorona mehnati hamda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan raqamli ta’lim islohotlarining amaliy samarasidir.
O‘zbekiston yoshlari dunyoning eng kuchli yosh dasturchilari qatorida munosib natija qayd etgani kelgusida xalqaro maydonlarda yanada yuksak marralarni zabt etish uchun mustahkam zamin hamda minglab yoshlarimiz uchun katta motivatsiya bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
O‘zA